Urganchda kurash bo‘yicha Osiyo kubogi g‘oliblari aniqlandi
Xorazm viloyatining Urganch shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan kurash bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi V Osiyo kubogi musobaqalari yakunlandi.
10 dan ortiq davlatning 200 nafarga yaqin yosh polvonlari ishtirok etgan mazkur nufuzli turnir har jihatdan yuqori saviyada tashkil etildi. Musobaqa doirasida sportchilar va murabbiylar Xiva shahridagi Pahlavon Mahmud maqbarasini ziyorat qilib, «Ichan qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasidagi tarixiy obidalar bilan tanishdi.

15-16 yoshli o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlarda hamyurtlarimiz bilan bir qatorda Afg‘oniston, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston terma jamoalari vakillari g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, qizlar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida o‘zbekistonlik Muslima Abduqodirova va Dilnura Erkinboyeva, tojikistonlik Fotima Isanbayeva o‘z vazn toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasida kechgan shiddatli bellashuvlarda hamyurtlarimizdan Ibrohimjon Azadov, Mehriddin Abdurasulov, Shohmurod Shomurodov va Alibek Durdiyev shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Shuningdek, turkmanistonlik Bilbil Mergenov ham o‘z vaznida tengsiz deb topildi. Kumush va bronza medallari Hindiston, Janubiy Koreya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Afg‘oniston vakillariga nasib etdi.
Jamoaviy hisobda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egallab, Osiyo kubogi sohibiga aylandi. Keyingi o‘rinlarni Tojikiston, Turkmaniston va Qozog‘iston jamoalari band etdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T. RO‘ZIEV, O‘zA