Turk dunyosi geograflari Buxoroda jam bo‘ldi
Buxoro davlat pedagogika institutida “Turk dunyosi geograflari xalqaro III kongressi” yuqori saviyada tashkil etildi. O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan mazkur nufuzli anjuman dunyoning turli burchaklaridan kelgan olimlar, universitetlar rahbarlari va ekspertlarni bir maydonga jamlab, bugungi global muammolarga yechim izlashga xizmat qildi.
Kongressda barqaror rivojlanish, global iqlim o‘zgarishi, ekologik muammolar va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish kabi dolzarb masalalar yuzasidan ilmiy muhokamalar olib borildi. Tadbirni institut rektori Bahodir Ma’murov ochib berdi. Shuningdek, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov nomidan yo‘llangan tabrik nutqini uning o‘rinbosari Hafiza Ortiqova o‘qib eshittirdi.
Anjuman doirasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Al-Forobiy nomidagi qozoq milliy universiteti hamda Buxoro davlat pedagogika instituti o‘rtasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga qaratilgan “yo‘l xaritasi” imzolandi. Bu hujjat ikki oliygoh o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi bosqichini belgilab berdi.
Shuningdek, Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti vakillari ham faol ishtirok etib, ularning yetakchi rahbarlariga institutning “Faxriy professori” unvoni tantanali ravishda topshirildi. Bu esa ilm-fan sohasidagi o‘zaro hurmat va hamjihatlik ramzi sifatida baholandi.
Kongress doirasida zamonaviy ilmiy tadqiqotlar, amaliy seminarlar va interaktiv mashg‘ulotlar tashkil etildi. Yosh olimlar va talabalar uchun yangi tajriba va bilimlar eshigi ochildi. Ishtirokchilar o‘zaro muloqot orqali ilmiy aloqalarni kengaytirish, kelgusidagi hamkorlik rejalarini belgilash imkoniga ega bo‘lishdi.
Tadbir doirasida institutda ikki yangi o‘quv xonasi — professorlar Isroil Nazarov va Xudoynazar Tashov nomidagi zamonaviy auditoriyalar foydalanishga topshirildi. Ushbu xonalar ilmiy tadqiqotlar va amaliy mashg‘ulotlar uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Kongress faqat ilmiy muloqot bilan cheklanib qolmadi. Uning doirasida “Milliy qadriyatlar festivali” ham o‘tkazilib, milliy madaniyatimizning boy merosi namoyon etildi. Ayniqsa, Navro‘z bayramiga xos an’analar — sumalak va halim tayyorlash, xalq o‘yinlari va sahna ko‘rinishlari tadbirga alohida ruh bag‘ishladi.
Shuningdek, Gazi universiteti professorlari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlar ham muhim ahamiyat kasb etdi. Tomonlar o‘zaro akademik almashinuv, qo‘shma tadqiqotlar va yozgi maktab dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
– Bugungi anjuman nafaqat ilmiy muhokama maydoni, balki turk dunyosi olimlarini birlashtiruvchi muhim platforma bo‘ldi, – deydi rektor Bahodir Ma’murov. – Geografiya fani orqali biz global muammolarga mahalliy yechimlar topishga harakat qildik. Tadbirlar doirasida xalqaro hamkorlik borasida ishlarni ham yo‘lga qo‘ydik. Biz imzolagan kelishuvlar orqali talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi yangi bosqichga chiqadi. Qo‘shma ilmiy loyihalar ko‘payadi, ta’lim sifati yanada oshadi. Eng muhim jihati — yoshlar xalqaro muhitni his qiladi. Ular yangi g‘oyalar, zamonaviy yondashuvlar bilan tanishadi. Bu esa kelajakda raqobatbardosh mutaxassislar yetishib chiqishiga zamin yaratadi.
[gallery-28415]
“Turk dunyosi geograflari xalqaro III kongressi” Buxoroda ilmiy hayotning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yana bir bor namoyon etdi. U nafaqat geografiya sohasidagi dolzarb muammolarni muhokama qilish, balki xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ta’lim va ilm-fan integratsiyasini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, mazkur anjuman yosh avlod uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA