Kambag‘allikni qisqartirish – ustuvor vazifa
Yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab qo‘yilgan. So‘nggi yillarda aholining daromadini oshirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish yo‘nalishida tizimli va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu muammoni hal qilish nafaqat aholining hayot darajasini oshirishga, balki mamlakatning barqarorligi va iqtisodiy o‘sishiga ham salmoqli hissa qo‘shmoqda.
O‘zXDP Navoiy viloyat Kengashi hamda “Yuksalish” harakatining hududiy bo‘linmasi hamkorligida “Kambag‘allikni qisqartirish: muammolar, yechimlar va yangi yondashuvlar” mavzusida o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida ham shu haqda so‘z yuritildi.
Unda partiyaning viloyat Kengashi raisi Baxtiyor Tashev va “Yuksalish” harakati hududiy bo‘linmasi rahbari Alijon Jalilov so‘zga chiqib, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarni jadallashtirish, manzilli yondashuvni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Tadbirda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi vakillari tomonidan aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Albatta, ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish choralari aholiga barqaror daromad manbalari yaratishga xizmat qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 2025-yil boshida ijtimoiy reyestrda turgan kambag‘al oilalar soni 13,8 mingtani, kambag‘al aholi soni 62,2 ming nafarni hamda kambag‘allik darajasi 5,7 foizni tashkil etgan. Yil davomida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 10,2 ming oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 4,2 foizga tushirildi. Navoiy, Zarafshon va G‘ozg‘on shaharlarida ishsizlik darajasi 4 foizdan pasayib “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashdi.

– Kambag‘allikni qisqartirish ishlarini jadallashtirish maqsadida viloyat va tuman darajasidagi 550 nafardan ortiq rahbarlarga 1-5 bosqichlarda 12,8 mingta kambag‘al oilalar biriktirildi va ushbu oilalarning 56 mingta muammolari hal etildi, – deydi viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruzjon Boboqulov. – Bundan tashqari, 2025-yil davomida viloyatda 11,8 mingta oilaga daromadini oshirishga qaratilgan 23,1 mingta xizmatlar ko‘rsatildi. Shuningdek, “qizil toifada”gi 100 ta oila xonadoniga 5 kVtlik quyosh panellari qurib berildi. Bugungi kunda viloyatdagi 310 ta mahalladan 143 tasi to‘liq kambag‘allikdan chiqarildi.
2025-yilda viloyatda 162,7 ming nafar aholining bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 12 720 nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunar hamda tadbirkorlikka o‘qitildi.
Joriy yilda 28 536 nafar aholini doimiy ishga joylashtirish, 145 424 nafar aholining daromadini oshirish va 35 138 ta ish o‘rinlarini “soyadan chiqarish” belgilangan. Bunga xizmat ko‘rsatish, qurilish, sanoat, tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, “Bandlik organlari – ish beruvchilar hamkori” dasturi va investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga erishiladi. Belgilangan chora-tadbirlar natijasida 2026-yil yakunida viloyatda kambag‘allik darajasi 2,1 foizga, ishsizlik darajasi esa 3,9 foizga tushirilishi rejalashtirilgan.
Albatta, aholini kambag‘allikdan chiqarishda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor ham muhim ahamiyatga ega.
“Inson” markazlari va ijtimoiy xodimlar tomonidan 2023-yilda 49 turdagi ijtimoiy xizmat hamda yordamlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, 2025-yilda xizmatlar soni 120 taga yetkazildi.
– Ijtimoiy xodimlar tomonidan 220 ta oilaga og‘ir keyslar ochildi, 300 dan ortiq mini loyihalar amalga oshirildi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farrux Vafoyev. – Viloyatning 11 ta hududida tashkil etilgan “Kunduzgi parvarish” guruhlariga 292 nafar nogironligi bo‘lgan bola qamrab olindi. Natijada bolasiga qarab turish bilan bog‘lanib qolgan 65 nafar ota-onaning bandligi ta’minlandi. 4 ta hududda “Ilk rivojlanish markaz”larini tashkil etish orqali 172 nafar ta’limga jalb etilmagan nogiron va kambag‘al oila farzandlari ta’limga qamrab olindi. Shuningdek, viloyatdagi 19 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Inklyuziv guruh”lar hamda 82 ta umumta’lim maktablarida 122 ta “Inklyuziv sinflar” tashkil etildi. Ishlash istagidagi 7 551 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligi ta’minlandi.
Hududlardagi salohiyatli tadbirkorlar bilan hamkorlikda 901 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida 5 turdagi yangi ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinib, 154 nafariga ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatildi. Natijada ushbu toifadagi shaxslarga qarash bilan bog‘lanib qolgan 120 nafar aholi ishga chiqdi va daromadli bo‘ldi.
“Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan 14 536 ta oila bilan amaliy ishlar olib borilishi natijasida 6 268 ta kambag‘al oilaning daromadi oshib kambag‘allikdan chiqarildi.
Xullas Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar, manzilli va tizimli yondashuv natijasida nafaqat kambag‘al oilalar hayoti yaxshilanmoqda, balki ishsizlik darajasi ham pasayib, aholi o‘z salohiyatini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu jarayon davlat va jamiyatning hamkorligida aholining farovonligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.
A. Bo‘riyev, O‘zA