Toshkent - xalqaro soliq muloqoti markaziga aylandi
Toshkent shahrida “Ipak yo‘li” XVIII Soliq forumi o‘z ishini boshladi. Mazkur nufuzli tadbir O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi hamda Xalqaro soliq va investitsiyalar markazi (ITIC) hamkorligida tashkil etildi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu forum turli mamlakatlardan davlat organlari vakillari, xalqaro ekspertlar, olimlar hamda biznes doiralari ishtirokchilarini bir maydonda jamladi.

Forumning tantanali ochilish marosimida Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev va ITIC prezidenti Deniyel Alan Vitt xalqaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, zamonaviy soliq ma’muriyatchiligini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Muhokamalar davomida soliq ma’muriyatchiligini transformatsiya qilish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, soliq tizimi samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va aksiz solig‘i ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar atroflicha muhokama qilinmoqda.

Forum doirasida davlat va biznes o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, investitsiya muhitini yanada yaxshilash hamda xorijiy hamkorlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan soliq islohotlari bilan yaqindan tanishtirishga alohida urg‘u berilmoqda.

Ikki kun davom etadigan mazkur forum soliq sohasida ilg‘or amaliy yechimlar almashinuvi, yangi tashabbuslar ishlab chiqish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA