Seysmologiya institutining o‘tgan yillar davomida rivoji
Insoniyat tarixi nafaqat yuksalishlar, balki tabiatning shafqatsiz sinovlari bilan ham shakllanadi. 1966-yil 26-aprel tongida sodir bo‘lgan Toshkent zilzilasi O‘zbekiston xalqi xotirasida mislsiz matonat va “qayta tug‘ilish” timsoli bo‘lib qoldi. Oradan roppa-rosa 60 yil o‘tib, 2026-yilda xalqaro hamjamiyatning aynan Toshkentda jam bo‘lishi yuksak ramziy ma’noga ega.
Ushbu oltmish yillik davr vayronalar ustida zamonaviy megapolisni barpo etish, talafotni esa tajribaga aylantirish bosqichi bo‘ldi. Bu yil Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Seysmologiya instituti tashkil etilganining 60 yilligi bizga o‘tmish saboqlarini tahlil qilish va kelajak xavfsizligini ilm-fan orqali kafolatlash imkonini beradi.

1966-yilgi yer silkinishi mintaqada seysmologiya fanining rivojlanishida tub burilish nuqtasi bo‘ldi. O‘sha vaqtda seysmik holatni o‘rganish yetarli darajada bo‘lmagani bois, fojianing ko‘lami kutilganidan ancha katta bo‘lgan edi. Fojiadan so‘ng darhol tashkil etilgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti o‘tgan yillar davomida dunyo tan olgan ilmiy maktabga aylandi. Institut olimlari tomonidan zilzilalarning darajalarini aniqlash, yer osti suvlarining kimyoviy tarkibi o‘zgarishini kuzatish kabi noyob qo‘llanmalar ishlab chiqildi.

Bugungi kunda Toshkentning har bir qarich yeri seysmik mikro-tumanlashtirish xaritalariga ega. Bu xaritalar zamonaviy qurilishlarning asosi hisoblanadi. Oltmish yillik tarixiy davr shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston nafaqat fojia oqibatlarini bartaraf etishda, balki uning takrorlanishidan himoyalanishda ham ilmiy asos ko‘rsatdi.
2026-yilda Seysmologiya instituti tashkil etilganining 60 yillik yubileyi shunchaki sana emas, balki insoniyat aql-zakovati va texnologik taraqqiyotining tabiat kuchlariga qarshi “qalqoni” hisoblanadi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA