Tibbiyot sohasida o‘zbek-tojik hamkorligi Ibn Sino merosini zamonaviy texnologiyalar ruhi bilan boyitmoqda
O‘zbek va tojik xalqlari ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq sifatida madaniyati, tarixi, rivojlanishi mushtarak bo‘lgan yaqin qo‘shnilardir. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon yurtimizga tashrif buyurgani bu yaqinlikni, o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirdi. Tashrif doirasida qator muhim tadbirlar o‘tkazilib, hamkorlikning keng qamrovli yo‘nalishlari muhokama qilindi, ko‘plab sohalarda hamkorlik bitimlari imzolandi.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Sevara Ubaydullayeva o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashda parlament oldida turgan vazifalarga alohida to‘xtaldi:
— Yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik — bugungi murakkab va global beqarorlik sharoitida davlatlarning barqaror taraqqiyoti, xavfsizligi va farovonligini ta’minlovchi eng muhim tamal toshlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, asrlar davomida mushtarak tarix, yagona din va qadriyatlar, o‘xshash madaniyat bilan chambarchas bog‘langan, bir daryodan suv ichib, bir havodan nafas olgan xalqlar uchun bunday hamkorlik nafaqat siyosiy manfaat, balki hayotiy va tabiiy ehtiyojdir.

Shu nuqtai nazardan, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning mamlakatimizga davlat tashrifi Markaziy Osiyoning zamonaviy tarixida mutlaqo yangi sahifa ochgan, strategik va ma’naviy jihatdan beqiyos ahamiyat kasb etgan voqea bo‘ldi.
Mazkur tashrif doirasida ilk bor o‘tkazilgan Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi ikki tomonlama munosabatlarni institutsional va sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqanini alohida e’tirof etish lozim. Bunday oliy darajadagi format davlatlararo muloqotni tizimli, izchil va natijador qilishga xizmat qilishi bilan birga, strategik qarorlarni qabul qilishda uzviylik va barqarorlikni ta’minlovchi muhim mexanizmga aylandi.
Ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolangan Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot mazmun-mohiyatiga ko‘ra diplomatik munosabatlar eng yuqori bosqichga chiqqanini bildiradi. Bu ikki birodar xalqning umumiy taqdiri, yagona maqsadlari va uyg‘un istiqbolini ifoda etuvchi mustahkam siyosiy-huquqiy kafolatdir. “Ittifoqchilik” maqomi esa davlatlararo munosabatlarning eng yuqori cho‘qqisi bo‘lib, u nafaqat siyosiy hamkorlik, balki xavfsizlik, iqtisodiyot va gumanitar sohalarda ham bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishni anglatadi.
Tashrif doirasida hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim hujjatlar to‘plami imzolandi. Jumladan, tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashtirish elektron tizimlarini o‘zaro qo‘llash to‘g‘risidagi bitim hamda “E-Permit” axborot tizimidan foydalanish bo‘yicha hamkorlik bitimi tashqi iqtisodiy faoliyatni to‘liq raqamlashtirish yo‘lidagi inqilobiy qadamdir. Bu tizimlar orqali inson omili qisqaradi, korrupsiyaviy xavflar bartaraf etiladi va tadbirkorlar uchun yangi qulayliklar yaratiladi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim esa ikki birodar xalqning genofondini asrash va zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan teng foydalanishni ta’minlash yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Ushbu yo‘nalishdagi sheriklik quyidagi to‘rtta ustuvor muhim jihatni qamrab oladi. Xususan, O‘zbekiston va Tojikiston tibbiyot markazlari o‘rtasida telemeditsina va masofaviy diagnostika tizimlarini keng joriy etish nazarda tutilgan. Bu, ayniqsa, murakkab jarrohlik amaliyotlari va onkologik, kardiologik kasalliklarni davolashda ikki mamlakat yetakchi olimlarining tajribasini birlashtirish imkonini beradi.
Ikki davlat hududida ishlab chiqarilayotgan dori vositalarini o‘zaro tan olish va farmatsevtika bozorini integratsiya qilish bo‘yicha kelishuvlar sifatli va arzon mahalliy preparatlarning aholi uchun ochiqligini ta’minlaydi. Bu «dori-darmon xavfsizligi» konsepsiyasining amaliy ifodasidir.
Oliy tibbiy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik, qo‘shma fakultetlar va magistratura dasturlarini tashkil etish — kelajak tibbiyoti uchun xalqaro standartlarga javob beradigan yangi avlod shifokorlarini tayyorlashga xizmat qiladi. Mutaxassislarning qisqa muddatli malaka oshirish kurslari doimiy ravishda tashkil etiladi.
Chegaradosh hududlarda yuqumli kasalliklarning tarqalishiga qarshi birgalikda kurashish, monitoring tizimini raqamlashtirish va tezkor axborot almashinuvi mintaqaviy epidemiologik xavfsizlikning mustahkam qalqoniga aylanadi.
Bu boradagi hamkorlikning ma’naviy ildizi har ikki xalq ardoqlaydigan Abu Ali ibn Sino merosiga borib taqaladi. Bugungi kelishuvlar ushbu buyuk merosni zamonaviy texnologiyalar va davlatlararo ittifoqchilik ruhi bilan boyitmoqda.
Bundan tashqari, chegaraoldi hududlarda radiochastotalarni o‘zlashtirishni muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi bitim, “O‘zbekiston – Tojikiston investitsiya kompaniyasi”ni tashkil etish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga kiritilgan o‘zgartirishlar, Fanlar akademiyalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik, madaniy-gumanitar, turizm va boshqa ko‘plab sohalarga oid hamkorliklar hamda “yo‘l xaritalari” ikki xalqning o‘zaro birligini, hamjihatligini yanada mustahkamlaydi.
Tashrifning ikkinchi kuni boqiy Buxoro shahrida davom etganida ham chuqur hikmat bor. Bahouddin Naqshband maqbarasida yangragan “Dil ba yoru, dast ba kor” shiori bugungi islohotlar falsafasi bilan naqadar uyg‘un ekani alohida ramziy ma’noga ega bo‘lib, bu ma’naviyat va amaliy faoliyat uyg‘unligi orqali yuksak taraqqiyotga erishish g‘oyasining ifodasidir.
Mazkur yuksak darajagi hamkorliklar parlamentlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, qabul qilingan tarixiy kelishuvlarning hayotiy ijrosini ta’minlash, qonunchilik bazasini uyg‘unlashtirish va parlamentlararo muloqotni mazmunan chuqurlashtirish orqali ushbu strategik sheriklikni mustahkamlash bizning eng ustuvor vazifamizga aylandi.
Hamkorlikdagi vazifalar hayotda o‘z aksini topishi uchun parlamentlararo hamkorlik hamda imzolangan kelishuvlar, shartnomalar, bitimlar va “yo‘l xaritalari”ning har bir bandi bo‘yicha aniq natijalarga erishilishini ta’minlovchi tizimli, uzluksiz va samaradorlikka yo‘naltirilgan qat’iy parlament nazoratini o‘rnatish lozim. Bu borada, avvalo, qonunchilik bazasini muvofiqlashtirish va takomillashtirish lozim. Chunki davlatlararo kelishuvlar amalda ishlashi uchun ular milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi, imzolangan bitimlar tegishli qonun va qonunosti hujjatlar bilan mustahkamlanishi zarur.
Yana bir ustuvor vazifa — parlamentlararo diplomatiyani kuchaytirish. Zero, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari faqat ijro hokimiyatlari darajasida emas, balki qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasida ham chuqur institutsional muloqotni talab etadi. Qo‘shma komissiyalar, do‘stlik guruhlari va doimiy muloqot maydonlari orqali qonunchilik tajribasi almashiladi, mintaqaviy va umumiy muammolarga birgalikda yechim topiladi, kelishuvlarning huquqiy asoslari uyg‘unlashtiriladi.
Yana bir muhim jihat — hududiy kesimda nazoratni kuchaytirgan holda ko‘plab kelishuvlar, ayniqsa, chegaraoldi hamkorlik, infratuzilma, savdo va sog‘liqni saqlashga oid loyihalarning joylarda amalga oshirilishida biz, xalq vakillari saylov okruglarida bevosita o‘rganib, muammolarni tezkor hal etilishiga ko‘maklashishimiz zarur.
Bir so‘z bilan aytganda, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning mazkur tarixiy tashrifi O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarida haqiqiy yangi “oltin davr”ni boshlab berdi. Bu ittifoqchilik nafaqat ikki davlat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi barqarorligi, xavfsizligi va taraqqiyoti uchun yengilmas va mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.