Zilzila qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi
Toshkent shahrida dunyo amaliyotida ilk bor nishonlanayotgan “Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni” munosabati bilan nufuzli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Mazkur tashabbus 2025-yil 29-aprel kuni BMT Bosh Assambleyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan edi.
Anjumanda 30 ga yaqin xorijiy davlatlardan 100 dan ortiq mutaxassis va ekspertlar ishtirok etdi. Tadbirda vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashib, seysmik xavfsizlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Jalol Arashov o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda qurilish sohasi jadal rivojlanayotgani sharoitida seysmik xavfsizlik va zilzilabardosh qurilish masalalari ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda ushbu sohani tartibga solishda Shaharsozlik kodeksi, “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun hamda shaharsozlik normalari va qoidalari muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda davlat rahbari tomonidan qabul qilingan qator farmon va qarorlar sohani yanada takomillashtirishga xizmat qilyapti.

Mazkur hujjatlar asosida seysmologiya, qurilish sohalarida ilmiy-tadqiqot ishlari kengaytirilib, binolar mustahkamligini oshirish, seysmik xavfni monitoring qilish va qurilish jarayonlari ustidan nazoratni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hukumat topshirig‘iga muvofiq, 2025-yildan buyon 12 mingga yaqin binolarning texnik holati o‘rganildi. Ushbu jarayon izchil davom ettirilib, 2030-yilga qadar barcha ko‘p qavatli turar joy va jamoat binolari to‘liq xatlovdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlash maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi joriy etilgan bo‘lib, unda tashkilotlar reytingi shakllantiriladi. Yuqori xavfli va murakkab ob’ektlarni qurish faqat yuqori reytingli tashkilotlarga ishonib topshiriladi.
Mutaxassislar tomonidan ta’kidlanganidek, qurilish jarayonida nazorat tizimi to‘rt bosqichda amalga oshirilib, bu binolar sifatini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Anjuman doirasida AQSH, Yevropa Ittifoqi va Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribalari o‘rganilib, xalqaro ilmiy tashkilotlar vakillari tomonidan taqdimot va ma’ruzalar taqdim etildi.
Ta’kidlash joiz, mazkur anjuman seysmik xavfsizlik sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy yondashuvlarni kengaytirish hamda qurilish sohasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA