“Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovi o‘tkazildi
Qashqadaryo viloyatida buyuk ajdodimiz Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovi tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tizimida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish, harbiy xizmatchilar va yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik ruhini mustahkamlash, shuningdek, milliy merosimizni keng targ‘ib etish maqsadida o‘tkazildi.

Tanlov O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati Kengashi, Qarshi harbiy prokuraturasi hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi hamkorligida tashkil etilib, unda turli kuch tuzilmalari vakillari faol ishtirok etdi.
Bellashuvlar davomida ishtirokchilar “Temur tuzuklari” asarining mazmun-mohiyati, undagi davlat boshqaruvi tamoyillari, adolat, harbiy san’at va yuksak axloqiy qadriyatlarga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qarshi xalqaro universitetining “Qalqon” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin viloyat bojxona boshqarmasining “Bojxonachilar” jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Qo‘riqlash xizmati “Qo‘riqlash” jamoasiga nasib etdi.
G‘olib va faol ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ta’kidlash joizki, mazkur tanlov yoshlar va harbiy xizmatchilar o‘rtasida tarixiy merosimizga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri