6,3 kg. marixuana olib kirishga urinish fosh etildi
Toshkent xalqaro aeroportida 6,3 kilogrammdan ortiq marixuanani noqonuniy ravishda olib kirishga uringan xorijiy yo‘lovchi bojxona xodimlari tomonidan to‘xtatib qolindi.
“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Bangkok shahridan uchib kelgan xorijiy yo‘lovchining qo‘l yuki va bagaji belgilangan tartibda nazoratdan o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida yuklar orasiga yashirilgan 12 dona polietilen o‘ramlar aniqlandi. Ushbu o‘ramlar xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganda, ichida yashil rangli, o‘tkir hidli modda borligi ma’lum bo‘ldi.
Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, mazkur modda 6,3 kilogrammdan ortiq og‘irlikdagi quritilgan marixuana ekani tasdiqlandi.

Ushbu modda O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalasi taqiqlangan giyohvandlik vositalari toifasiga kiradi.
Holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, “Toshkent-AERO” IBK tezkor tuzilmalari va bojxona postlari tomonidan joriy yilning dastlabki choragida 15 ta holatda qariyb 30 kg. giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 kilogrammga ko‘pni tashkil etadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA