Tarixiy fojia qurbonlari xotirlandi
Chernobil halokati 1986-yil 26-aprel kuni Ukrainaning Pripyat shahri yaqinida joylashgan Atom elektr stansiyasi 4-reaktori portlashi oqibatida yuz bergan insoniyat tarixidagi eng dahshatli fojialardan biridir. Hodisa chog‘i atrofga mislsiz miqdorda radio faol modda tarqalgan. Xalqaro AES tashkiloti Chernobil fojiasini 7 ball bilan baholab, hozirgacha yuz bergan eng yirik avariyalardan biri sifatida ta’kidlab keladi.
Voqeadan keyin dastlabki uch oyda 31 kishi halok bo‘lgan. 1987-2004-yillar oralig‘ida yana 19 insonning o‘limi bevosita mazkur falokat oqibati bilan bog‘langan. Majmuani tozalashda ishtirok etganlardan 134 nafari turli darajada o‘tkir nurlanishga chalingan.
26-aprel tarixda yana bir yirik fojia bilan xotirlanadi. 1966-yil xuddi shu kuni Toshkent shahrida ro‘y bergan kuchli zilziladan ham juda ko‘p inson jabr ko‘rgan. Qayd etilgan taxminan 5.2 magnituda odatda juda yuqori hisoblanmasa-da, o‘chog‘i yer sathiga yaqinligi tufayli 7-8 ball kuchiga teng silkinish yuz bergan. Natijada shahar hududidagi ko‘plab inshootlar jiddiy talafot ko‘rgan. Yer 10-12 soniya davomida tebranib turgan. Qurbonlar soni kamligi, ya’ni 8 kishi halok bo‘lib, bir necha yuz kishi jarohatlangani esa silkinish bo‘ylamaligi bilan izohlanadi. Afsuski, hodisadan keyingi yurak va asab xastaliklari tufayli qurbonlar soni ortgan.
Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitada Toshkent zilzilasining 60 yilligi hamda Chernobil fojiasining 40 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Xotira zamondan qudratli!” deb nomlangan анжуманda Qo‘mita rahbariyati, Rossiya Federatsiyasi hamda Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonalari xodimlari, milliy madaniy markazlar vakillari, jamoatchilik faollari va yoshlar ishtirok etdi.
To‘planganlar tarixda chuqur iz qoldirgan ushbu ayanchli voqealarning insoniyat hayotidagi o‘rni, falokatlardan chiqarilgan saboq, tinchlik va hamjihatlikning qadr-qimmati haqida fikr bildirdilar. Xususan, 1966-yilgi Toshkent zilzilasi oqibatini bartaraf etishda turli millat vakillarining birdamligi, fidokorona mehnati qo‘l kelgani, Chernobil fojiasi misolida esa ekologik xavfsizlik hamda global mas’uliyat masalasi nechog‘li dolzarbligi e’tirof etildi.
[gallery-28992]
So‘ngra Chernobil fojiasi va Toshkent zilzilasiga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi. Belarus, Rus, Tatar, Gruzin, Koreys, Ukrain va Polyak madaniyat markazlari ijodiy jamoalari tomonidan turli millatlarning kuy-qo‘shiqlari, badiiy chiqishlari taqdim etildi.
Mazkur anjuman tarixiy xotirani asrash, turli millatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtasini mustahkamlash, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat qadriyatini keng targ‘ib etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Go‘zal Sattorova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA