Bedor qalb sohibasining yangi kitobi
Mamlakatimizda yosh ijodkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning ilk ijod namunalarini chop etishga yaqindan ko‘maklashish, faoliyati bilan keng jamoatchilik, ayniqsa adabiyot ixlosmandlarini tanishtirish borasida izchil va tizimli ishlar olib borilmoqda.
Toshkent shahridagi “Turon” kutubxonasida iste’dodli yozuvchi va adabiyotshunos olima Ruxsora Nurning “Alp” nashriyotida chop etilgan “Tunqa” hikoyalar to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Yosh ijodkorning ushbu kitobidagi yigirmaga yaqin qiziqarli hikoyalari turfa mavzularni qamrab olgani bilan ahamiyatli.
Hikoyalari chet elda mehnat qilayotgan o‘zbek ayollarining qalb iztiroblari, xiyonat qarshisida hatto o‘zini o‘limga ham ro‘baro‘ bo‘lishga tayyor insonning armonlari, o‘zligini yo‘qotgan yosh avlodning G‘arbning ma’naviy-axloqiy tanazzul to‘riga g‘arq bo‘layotgani bayon etiladi.

Ruxsora Nur o‘z qahramonlari siymosida odamzod yaralganidan buyon mavjud bo‘lgan muhabbat va nafrat, ishonch va yolg‘on, nafs va ezgulik, beburdlik va oqibat, boylik va qashshoqlik, sabr va noshukrlik kabi bir-biriga qarama-qarshi tuyg‘ularning kurashini ifodalashga harakat qiladi.
Muallif insonni tabiatning ajralmas bo‘lagi sifatida ko‘radi, uni kitobxonga shunday taqdim etadi. Ammo texnologik taraqqiyot, axborot oqimining haddan ziyod ortib borayotgani sharoitida insonning o‘zgarayotgan fe’li-atvori, hatto eng yaqinlar o‘rtasida ham yuzaga kelayotgan begonalik hissi Ruxsora Nurni iztirobga soladi, dilini xira qiladi. Shuning uchun ham muallif bu dardini kuyunchaklik bilan qalamga oladi. U olomonchilik kayfiyatini barcha madaniyatlarni yo‘q qilib yuboradigan dahshatli yovuz kuchga qiyoslaydi.
Yozuvchi hikoyalarida bugungi kun voqealari, xatolar va muammolarning kelib chiqish o‘zanlariga to‘xtalar ekan, ko‘p asrlik tarixiy ibratlar timsolida masalani badiiy-falsafiy jihatdan ochishga e’tibor qaratadi.
“Alla aytgan go‘daklar” hikoyasida urushlarga to‘lib borayotgan dunyoda, vahshiy zo‘ravonlar kuch bilan zaiflarni mahv etayotgan dunyoda eng katta yovuzliklar zarbasi norasidalar zimmasiga tushayotgani, eng avvalo, bolalar dunyodan ko‘z yumayotganini juda achchiq iztirob bilan qalamga oladi.
Ta’sirli hikoyalar tili ravonligi, ularda xalqona maqollardan keng foydalanilgani, tuyg‘ularning rang-barangligi bilan ajralib turadi.
Tadbirda adabiyotshunos olimlar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, kitobxonlar “Tunqa” to‘plami va muallifning ijodi haqida fikrlarini bildirdi.
Aytish kerakki, Ruxsora Nur (Imomova) 1997-yil 29-noyabrda Buxoro viloyatining Olot tumanida tug‘ilgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilib, qayta tiklangan Respublika yosh ijodkorlarining 2019-yilda o‘tkazilgan Zomin seminari ishtirokchisi. “Ilhom” mukofoti sovrindori.
Muallifning “Rauf Parfining badiiy mahorati” monografiyasi nashr etilgan. Ruxsora Nur – “Adabiyot nazariyati. Epik tur va janrlar” o‘quv qo‘llanmasi muallifi. Uning “Marjonning orzusi” she’riy to‘plami, “Tunqa” (2026) hikoyalar to‘plami chop etilgan.
Turk va ingliz tillaridan turli adabiyotlarni o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilib kelmoqda. Jumladan, amerikalik Nobel mukofoti sovrindori Perl Bakning “Serhosil zamin” romani, turk yozuvchilari Rejai Yahyoning “Baxt psixologiyasi” kitobi va Ulash Sevarning “Qaytish” romani tarjimasi orqali katta shuhrat qozondi. Turkiyada “Tanlangan o‘zbek shoirlari she’rlari” antologiyasini turk tilida chop ettirdi.
Adiba hozirda Buxoro davlat universitetining tayanch doktoranti. Hikoyalari vetnam, ingliz, turk, ozarbayjon tillariga tarjima qilingan.
N.Usmonova, O‘zA