Suvning har tomchisi strategik resurs
Suv – strategik resurs sifatida tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan bugungi sharoitda Qashqadaryo viloyatida uni tejash, samarali boshqarish va mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish masalasi ustuvor vazifalardan biriga aylangan.
Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, suv zaxiralarining qisqarib borishi, aholi soni va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sishi suv tanqisligi xavfini yanada kuchaytirmoqda. Shu nuqtai nazardan, viloyatda suv xo‘jaligi tizimini modernizatsiya qilish, infratuzilmani yangilash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda viloyatdagi 513,4 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonlarini suv bilan ta’minlash uchun 2 ming 477 kilometr kanal, 20 ming 450 kilometr sug‘orish tarmoqlari, 14 ta suv va sel suv ombori, 1170 ta sug‘orish va 242 ta meliorativ quduqlar, 76 ta nasos stansiya hamda fermer xo‘jaliklarining 1 ming 217 ta nasoslari xizmat qilmoqda. Shuningdek, 14 ming 338 kilometr kollektor-drenaj tarmoqlari orqali yerlarning meliorativ holati ta’minlanmoqda. Yiliga o‘rtacha 4,75 milliard kub metr suv manbalardan olinib, uning 84 foizi qishloq xo‘jaligi ehtiyojlariga yo‘naltiriladi. Suvning asosiy qismi, ya’ni 80 foizi Amudaryodan nasoslar orqali, qolgan qismi Zarafshon daryosi va ichki suv manbalaridan olinayotgani esa sohada energiya va xarajatlar masalasini ham dolzarb qilib qo‘yadi.
2025-yilda qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika va aholi ehtiyojlari uchun 4,62 milliard kub metr suv yetkazib berilgan bo‘lib, 1 kub metr suvni dalalargacha yetkazish tannarxi 584,4 so‘mni tashkil etdi. Shu bilan birga, suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida 800 million kub metr suv tejaldi. Buning asosiy qismi suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiya tarmoqlarini ta’mirlash, raqamlashtirish va kam suv talab qiladigan ekinlar ulushini oshirish hisobiga ta’minlandi.
Sohada infratuzilmani yangilash va modernizatsiya qilish ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. Xususan, 2025-yilda umumiy qiymati 143 milliard so‘mlik 35 ta irrigatsiya-melioratsiya loyihasi amalga oshirilib, kanallarni betonlashtirish, gidrotexnik inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish, kollektor-drenaj tarmoqlarini tiklash ishlari bajarildi. Buning natijasida 18,9 ming gektar yerning suv ta’minoti yaxshilanib, 2,9 ming gektar maydonning meliorativ holati tiklandi. Koson tumanidagi Qo‘ng‘irtog‘ mashina kanalini rekonstruksiya qilish misolida ham samaradorlik yaqqol ko‘rindi: kanalning foydali ish koeffitsiyenti 0,65 dan 0,90 ga oshirilib, nasos agregatini bekor qilish orqali yillik 475 ming kilovatt-soat elektr energiya tejaldi, hosildorlik esa bir necha barobarga oshdi.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish sohadagi eng muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yilda 171,2 ming gektar maydonda bunday texnologiyalar joriy qilinib, bu ko‘rsatkich rejaga nisbatan yuqori bajarildi. Tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish, plyonka yotqizib sug‘orish hamda yerlarni lazerli tekislash kabi usullar keng qo‘llanilmoqda. Bu esa nafaqat suv tejash, balki hosildorlikni oshirishda ham muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Davlat tomonidan berilgan subsidiyalar ushbu jarayonni rag‘batlantirmoqda.
Suv resurslarini boshqarishda raqamlashtirish jarayonlari ham izchil joriy etilmoqda. Suv xo‘jaligi ob’ektlarida real vaqt rejimida nazorat o‘rnatish maqsadida yuzlab “dayver” qurilmalari va suv sathini o‘lchovchi datchiklar o‘rnatildi. Bu esa suv sarfini aniq hisobga olish va yo‘qotishlarni kamaytirish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, nasos stansiyalarida energiya tejash choralari ko‘rilib, elektr energiyasi sarfi sezilarli darajada qisqartirildi, quyosh panellari keng joriy etildi.
Mutaxassislar fikricha, bugungi kunda suv resurslarini boshqarishda innovatsion yondashuvlar hal qiluvchi ahamiyatga ega.
– Suvdan samarali foydalanish masalasi endi faqat texnik emas, balki iqtisodiy va strategik masalaga aylandi, – deydi Amu-Qashqadaryo ITHB matbuot kotibi Javohir Kengboyev. – Tomchilatib sug‘orish, lazerli tekislash va raqamli nazorat tizimlari suv tejash bilan birga hosildorlikni oshirish imkonini bermoqda.
Fermerlar ham bu o‘zgarishlarning amaliy samarasini his etmoqda.
– Ilgari suv taqchilligi sabab hosil past bo‘lardi, – deydi Koson tumanidagi “Koson” fermer xo‘jaligi rahbari Do‘styor Mavlonov. – Yangi texnologiyalar joriy etilgandan keyin suv sarfi kamaydi, hosildorlik esa bir necha barobarga oshdi. Bu biz uchun iqtisodiy jihatdan ham katta imkoniyat yaratdi.
2026-yilga mo‘ljallangan rejalar ham sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan. Jumladan, 4,8 milliard kub metr suvni barqaror yetkazib berish va 880 million kub metr suvni tejash rejalashtirilgan. Shuningdek, 74,6 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, kanallarni betonlashtirish, raqamli monitoring tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish ko‘zda tutilgan. Barcha gidropostlarda bosqichma-bosqich onlayn suv kuzatuvi joriy etilishi esa sohada shaffoflik va samaradorlikni yanada oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, Qashqadaryo viloyatida suv resurslarini boshqarish tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar suv tanqisligi sharoitida barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, har bir tomchi suv qadrlanib, uning samaradorligi oshirilayotgani kelgusi yillarda agrar sohaning mustahkam poydevorini yaratadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri