Saudiya Arabistoni bilan migratsiya sohasida hamkorlik kengaymoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev va Saudiya Arabistoni Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Ahmad Al-Sharqiy bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda mehnat bozorining yangi strategiyasi, xorijiy ishchi kuchini jalb qilishning zamonaviy mexanizmlari hamda mehnat vizalarini malaka darajalari bo‘yicha (boshlang‘ich, o‘rta, yuqori) ajratish tizimi joriy etilgani ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, muzokaralar davomida qator muhim kelishuvlarga erishilgan. Jumladan, kelgusida Migratsiya agentligi va Saudiya Arabistoni Mehnat vazirligi o‘rtasida qo‘shma ishchi guruh tashkil etiladigan bo‘ldi. O‘zbekistonda tibbiyot, qurilish, turizm va muhandislik sohalarida xalqaro standartlar asosida kadrlar tayyorlanadi. Malaka imtihonlari tashkil etiladi. Nomzodlarni ushbu davlatga ishga joylashtirish bo‘yicha maxsus alohida tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, muloqotda Saudiya Arabistonida xorijiy ishchi kuchini jalb qilish va ish beruvchilarni kadrlar bilan ta’minlashga ixtisoslashgan “KDOT” rekruting tashkiloti hamda yirik ish beruvchilar bilan yuqori talabga ega kasblar bo‘yicha maqsadli ta’lim va kasbiy tayyorgarlik dasturlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
G.Sattorova, O‘zA