Sarhisob: erishilgan natijalar muhokama markazida
Prezident topshirig‘i amalda
Toshkent viloyati hokimligida 2026-yilning birinchi choragi yakunlari hamda yil oxiriga qadar ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik guruh va kotibiyatlari rahbarlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari, tuman va shahar hokimlari, sanoat zonalari, bank-moliya muassasalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev keng qamrovli tahliliy ma’ruza qildi. Asosiy e’tibor Prezidentimiz raisligida shu yil 24-aprel kuni hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi chorak yakunlari tahlili va yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish va belgilab berilgan galdagi vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratildi. Xususan, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, inflyatsiyani jilovlash, ish o‘rinlari yaratish, eksportni ko‘paytirish, investitsiya sifati va tadbirkorlar muammolarini hal qilish masalalari muhokama va munozara markazida bo‘ldi.
Qayd etilganidek, 2026-yilning I choragida viloyat iqtisodiyotida ijobiy o‘sish dinamikasi kuzatildi. Yalpi hududiy mahsulot 43,2 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 7,6 foizga yetdi. Sanoat hajmi 42,9 trillion so‘m bo‘lib, 7,8 foiz o‘sish ta’minlandi. Xizmatlar sohasi 19,8 trillion so‘mga yetdi va 15,1 foizga o‘sdi. Qishloq xo‘jaligi 7,4 trillion so‘m (+2,4%), qurilish ishlari hajmi 6,6 trillion so‘m (+7,3%) ni tashkil etdi.

Shuningdek, 709 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, belgilangan reja 156 foizga bajarildi, eksport hajmi esa 337,7 million dollarni tashkil etdi va 6 foizga o‘sdi.
Tahlillarga ko‘ra, mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayapti. Masalan, 8 ta hududda sanoat prognozlari bajarilmagan va 1 trillion so‘mdan ortiq qiymat yaratilmay qolgan. 97 ta korxona to‘liq quvvatda ishlamagan. 40 ta korxonada ishlab chiqarish hajmi 1,4 trillion so‘mga kamaygan. Ayrim hududlarda sanoat shtablari samarasiz ishlayotgani, tadbirkorlar murojaatlari o‘z vaqtida hal etilmayotgani tanqid qilindi.
Viloyatda yillik inflyatsiya 6,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin oshishi kuzatilgan. Masalan, go‘sht mahsulotlari 14 foizgacha, sabzi 10 foizga, ayrim hududlarda esa piyoz narxida o‘zgarish bor.

Yig‘ilishda investitsiya va eksport yo‘nalishidagi jiddiy muammolar ham ko‘rsatib o‘tildi. 75 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha moliyalashtirish ochilmagan. Shuningdek, 11 ta loyihalar infratuzilmadagi muammolari sababli boshlanmagan. Hudud bo‘yicha 2025-yilda 95,5 million dollar eksport qilgan 205 ta korxonada eksport o‘tgan yilga nisbatan kamaygan
Zoyir Mirzayev o‘z nutqida energetika va kommunal sohadagi muammolarga ham alohida to‘xtaldi. Xususan, Elektr energiyasi yo‘qotishlari 10 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda bu ko‘rsatkich 20-23 foizga yetgani aytildi. Shuningdek, elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorlik deyarli kamaymagan, tabiiy gaz bo‘yicha qarzdorlik esa respublikada eng yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Mikro GES loyihalarini hayotga tatbiq etish borasidagi ishlar sust.

Ta’kidlanganidek, viloyatda iqtisodiy o‘sish uchun katta salohiyat mavjud. Biroq, mas’ullarda ijro intizomining talab darajasida bo‘lmayotgani, rejalashtirish tizimi yetarli emasligi, rahbarlarda tashabbus va shaxsiy mas’uliyat yetishmayotgani muammolarning asosiy negizi sifatida qayd etildi. Ko‘plab rahbarlar va mutasaddilarning mavjud vaziyatga izohi va hisobotlari tinglandi.
Yig‘ilish yakunida birinchi chorak yakunlari bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar ta’minlanishida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan viloyat tashkilotlari hamda hududiy mutasaddilarga qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo ko‘rilishi ma’lum qilindi.
A. Musayev, O‘zA.