“Haj” ziyoratiga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi
Insonning eng pok niyatlaridan biri hisoblangan muqaddas “Haj” ziyoratini amalga oshirish istagini o‘z manfaatlari yo‘lida qurbon qilmoqchi bo‘lgan shaxsning rejasi chippakka chiqdi.
Andijon viloyati Asaka tumanida yashovchi, 1975 y.t. shaxs aldov yo‘li bilan 1996 y.t. fuqaroning ishonchiga kirib, tanishlari orqali uni va 1964 y.t. onasini bu yilgi “Haj” mavsumida Saudiya Arabistoniga ziyoratga yuborish evaziga har biri uchun 9 ming AQSH dollaridan, jami 18 ming dollar talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi va IJQK Departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 9 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ogoh bo‘ling! Firibgarlar tuzog‘iga tushib, nafaqat mablag‘ingizdan, balki yillab orzu qilgan ezgu niyatlaringizning amalga oshishidan ham mahrum bo‘lib qolmang.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.