Qurilish sanoatida yangi yondashuv
Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar ishtirokida hududda barpo etilayotgan ob’ektlarda mahalliy ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan foydalanishni kengaytirishga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda viloyat hokimligi vakillari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mas’ullari, tegishli soha mutaxassislari hamda yirik tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi. Jarayonda mahalliy qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish, ichki bozorda mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish, qurilish sohasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlardan samarali foydalanish, ishlab chiqaruvchilar bilan buyurtmachilar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash hamda sohada mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Ta’kidlanganidek, viloyatda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallaridan keng foydalanish qurilish xarajatlarini optimallashtirish, mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va mahalliy sanoatni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Seminar davomida tadbirkorlar ham so‘zga chiqib, mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mahsulotlarini qurilish ob’ektlarida keng qo‘llash yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, sohadagi mavjud muammolar, hamkorlikni yanada rivojlantirish, mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshirish, logistika hamda buyurtmachilar bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirishga oid amaliy takliflar o‘rtaga tashlandi.

Mas’ullar tomonidan bildirilgan fikrlar atroflicha muhokama qilinib, tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi.

Yakunda ishtirokchilar Qibray tumanidagi “Navro‘z” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, ishlab chiqarish quvvatlari, texnologik jarayonlar hamda tayyor mahsulotlar sifati bilan yaqindan tanishdi.
A.Musayev, O‘zA