Qashqadaryoda qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan 2 ming 800 dan ortiq mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan
Bu haqda Biznes-ombudsman devoni tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Ishonchli himoya – erkin tadbirkorlik: Qashqadaryo tajribasi” mavzusida tashkil etilgan press-turda ta’kidlab o‘tildi.
Qayd etish lozimki, Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishda taqdimnoma, xulosa va ogohnomalar kiritish, mansabdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish kabi ta’sir choralarini qo‘llaydi. Shuningdek, sudlarda tadbirkorlar manfaatini himoya qilish, ular nomidan davlat bojisiz da’vo arizalari kiritish vakolatiga ham ega.
Ayniqsa, raqamlashtirish jarayonlari bu borada samaradorlikni oshirmoqda. “Yagona davlat nazorati” hamda “Tadbirkor virtual ofisi” axborot tizimlari orqali tadbirkorlar faoliyatidagi tekshiruvlar qonuniyligi masofadan monitoring qilinib, murojaatlar bo‘yicha tezkor huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Raqamlarga murojaat qilsak, 2025-yilda tadbirkorlar tomonidan kelib tushgan 17 ming 62 ta murojaatning 85 foizi ijobiy hal etilgan. Murojaatlarning asosiy qismi soliq, bank-kredit, yer-kadastr, infratuzilma, sud qarorlari ijrosi va tekshiruvlar bilan bog‘liq masalalarga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, 3 ming 241 ta ta’sir chorasi qo‘llanilishi natijasida 220 ta ma’muriy hujjat bekor qilingan, 16 milliard so‘mga yaqin asossiz undirilgan mablag‘lar qaytarilgan, 10 milliard so‘mlik da’vo arizalari qanoatlantirilgan hamda 40,1 milliard so‘mlik subsidiya ajratilishi ta’minlangan. Qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan 2 ming 800 dan ortiq mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.
Press-tur doirasida jurnalistlar viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan tanishib, ularning amaliy faoliyati va erishgan natijalarini o‘rgandi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Biznes-ombudsman devonining sud jarayonlaridagi ishtirokini ham bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Xususan, tadbirkor manfaatini ko‘zlab kiritilgan apellyatsiya shikoyati sud tomonidan qanoatlantirilib, adolatli qaror qabul qilindi.
Umuman olganda, mazkur press-tur tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini namoyon etish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, davlat organlari hamda ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari