Iqlim o‘zgarishi va oziq-ovqat xavfsizligi: xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi va oziq-ovqat xavfsizligi dunyo hamjamiyati oldida turgan eng dolzarb masalalardan biriga aylangan. Ayni jarayonda mamlakatimiz ham barqaror rivojlanish yo‘lida muhim qadam tashlab, bu borada qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan milliy seminar ana shu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi sifatida ahamiyat kasb etadi. Mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha yondashuvlarni birlashtirishga xizmat qiluvchi mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan BMTning Oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi markazi va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida tashkil etildi.
Ushbu tadbir orqali davlatimiz xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan Konvergensiya tashabbusiga qo‘shilib, oziq-ovqat tizimlarini transformatsiya qilish va iqlim o‘zgarishiga qarshi choralarni birlashtirish yo‘lida birgalikda harakat qiladi.Tashabbus doirasida 20 dan ortiq davlat ishtirok etayotgan bo‘lib, u idoralararo hamda tarmoqlararo hamkorlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.
[gallery-28483]
Ikki kunlik seminar davomida davlat organlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar bir maydonda jam bo‘lib, ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, o‘zaro fikr almashish va kelgusi amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi va iqlimga moslashish sohasida qator muhim siyosiy hujjatlar qabul qilingan. Iqlim o‘zgarishiga moslashish dasturlari amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatlar qishloq xo‘jaligining iqlimga chidamliligini oshirish, suv va yer resurslaridan barqaror foydalanishni ta’minlash, shuningdek, ortib borayotgan iqlim va oziq-ovqat xavfsizligi xatarlariga tezkor javob qaytarish va aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga qaratilgan.
Muhokamalar davomida oziq-ovqat tizimlari va iqlim siyosatlarini yanada uyg‘unlashtirish orqali barqaror, chidamli va inklyuziv natijalarga erishish masalalari ko‘rib chiqilayotir.
Yakunda Konvergensiya tashabbusi doirasida amalga oshiriladigan harakatlar rejasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Bu O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol ishtirokini kengaytirish, ilg‘or tajribalar almashish va istiqbolli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Seminar o‘z ishini ertaga ham davom ettiradi.
Kamola Yusupova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA