Pushkin operatsiyasi: Yevropadagi o‘g‘irlik sudga yetib bordi
Fransiyada olti nafar Gruziya fuqarosi ustidan boshlangan sud jarayoni Yevropani larzaga solgan noyob kitoblar o‘marilishi bilan bog‘liq ishni yangi bosqichga olib chiqdi. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, gap oddiy o‘g‘irlik haqida emas, balki bir necha mamlakatni qamrab olgan uyushgan jinoiy tarmoq haqida ketmoqda. Nishonga olingan asarlar orasida rus adabiyotining qimmatli namunalari ham bor. Ayrim kitoblarning bozor qiymati yuz minglab yevrodan oshadi.
Tergovchilar qo‘llagan versiyaga ko‘ra, gumonlanuvchilar dastlab kutubxonalarga tadqiqotchi sifatida kirgan. Ular qimmatli kitoblarni o‘rganib, suratga olgan va o‘lchamlarini aniqlagan. Keyin esa asl nusxalarni yuqori sifatli qalbaki ko‘chirmalar bilan almashtirgan. Shunday usul tufayli o‘g‘irlik ayrim hollarda oylar davomida sezilmay qolgan.
Eng ko‘p zarar Fransiya Milliy kutubxonasiga yetkazilgan. Tergov hujjatida qayd etilishicha, bu maskandan g‘oyib bo‘lgan rus shoirlarining to‘qqiz noyob kitobidan sakkiztasi Aleksandr Pushkinga, biri Mixail Lermontovga tegishli asarlar. Mutaxassislar umumiy zararni 650 000 yevroga baholagan.
Germaniya, Shveysariya va Chexiyada ham shunga o‘xshash holatlar aniqlangan. Natijada Yevropa Ittifoqi huquqni muhofaza qiluvchi idoralari qo‘shma tergov guruhini shakllantirdi. Hozirga qadar taxminan o‘n mamlakat kutubxonalaridan qariyb 170 noyob rus nashri yo‘qolgani ma’lum.

Qizig‘i shundaki, tergovchilar bu harakatni faqat moliyaviy manfaat bilan izohlashga shoshilmayapti. Ularning nazarida o‘g‘irlangan kitoblarni Rossiyaga qaytarishga urinish ehtimoli inkor etilmayapti. Ayni taxmin Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi munosabat keskinlashgan davrda paydo bo‘lgani ahamiyatli. Binobarin, hozircha bu farazni tasdiqlaydigan biror qat’iy dalil taqdim etilmagan.
O‘g‘irlangan asarlarning hech biri hali qaytarilgani yo‘q. Fransiya Milliy kutubxonasi yo‘qolgan asarlarni topish umididan hali voz kechmadi. Sud jarayoni tarmoqning haqiqiy ko‘lami va kitoblarning keyingi taqdiriga oydinlik kiritishi mumkin. Agar ayb isbotlansa, sudlanuvchilar o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA