"Pro-Tur-3" turnirida bosh sovrin “MAROQAND” jamoasiga nasib etdi
Poytaxtimizda stol tennisi bo‘yicha jamoalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan mukofot jamg‘armasi 100 million so‘mdan iborat "Pro-Tur-3" turnirining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.
O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi majmuasida tashkil etilgan turnirning saralash musobaqalarida 17 ta jamoa ishtirok etgan bo‘lsa, ularning 8 tasi pley-off bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Kecha “M.G.HVANA”, “SULTONOV CLUB”, “Uzgeo Club”, “MAROQAND”, “Orient”, “KSYUSHA-KATYUSHA”, “DO‘STLIK CHEMPION”, “UNITED CLUB” jamoalari o‘rtasida "Pro-Tur-3"ning hal qiluvchi o‘yinlari tashkil etildi.
Murosasiz kurashlar ostida kechgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, Toshkentning “MAROQAND” jamoasi ikki tizim asosidagi bahslar natijasida g‘oliblikni tantana qildi hamda birinchi o‘rin uchun belgilangan maxsus sovrinlarni hamda 50 million so‘mni qo‘lga kiritdi.
Turnirda 2-o‘rin “M.G.HVANA” jamoasiga nasib etdi. Ular 25 million so‘m bilan taqdirlandi. 3-o‘rin uchun belgilangan har biri 12 million 500 ming so‘mdan iborat sovrin jamg‘armalari “SULTONOV CLUB” hamda “UZGEO CLUB” stol tennisi jamoalariga tegishli bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA