Nikita Svetkov velosportimizda tarixiy natija qayd etdi
Turkiyada velosport bo‘yicha o‘tkazilayotgan nufuzli “Presidential Cycling Tour of Türkiye” ko‘p kunlik musobaqasida O‘zbekiston velosporti uchun tarixiy natija qayd etildi.
Musobaqaning 5-bosqichida velopoygachilar 180,7 kilometr masofani bosib o‘tdi. Ushbu yo‘nalish joriy yilgi bellashuvlarning eng uzun va murakkab bosqichlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Mazkur bosqich yakuniga ko‘ra, Italiyaning “Bardiani CSF 7 SABER” professional jamoasi tarkibida faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Nikita Svetkov marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Mazkur bosqichda niderlandiyalik Kasper van Uden g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni esa polshalik Marchin Budzinski egalladi.
Mazkur natija mamlakatimiz velosporti tarixida alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, UCI “ProSeries” taqvimiga kiritilgan “2.Pro” toifasidagi bunday nufuzli musobaqada O‘zbekiston vakilining shohsupaga ko‘tarilishi so‘nggi yillardagi eng muhim yutuqlardan biri sifatida baholanmoqda.
Qayd etish joizki, “Presidential Cycling Tour of Türkiye” xalqaro velosport taqvimidagi eng nufuzli musobaqalardan biri hisoblanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA