O‘zbekistonning 35 yillik shonli tarixi namoyishi (+video)
O‘zbekiston 35 yillik qisqa va sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Asrlarga tatigulik islohotlar, odamlar hayotidagi o‘zgarishlar, xalqaro maydonda o‘z nomi, shuhrati va o‘z so‘ziga ega bo‘lgan davlat sifatida tarix zarvaraqlariga muhrlandi. Eng muhimi, xalqning mustaqil mamlakatga bo‘lgan ishonchi ortdi. Ezgu maqsad yo‘lida barcha birlashdi. Har yili minglab yangi inshootlar, yo‘llar, obod maskanlar qurilib foydalanishga topshirilmoqda. Sportda, ilm-fanda, madaniyat va turizmda, jamiyat qurilishida katta yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi jamoasi ana shu yutuqlar va g‘alabalarni keng jamoatchilikka fotosuratlar orqali ko‘rsatishni maqsad qildi.
Toshkent “Fotosuratlar uyi”da O‘zbekistonda bosib o‘tilgan shonli tarix mahoratli fotosuratchilar asarlari orqali keng jamoatchilikka, ustoz ijodkorlarga, turli davlat elchilariga, umuman foto ixlosmandlariga namoyish qilindi. Shu kuni Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi ham o‘zining eng sara fotosuratlarini taqdim etdi. Aytish kerakki, har bir fotosurat chuqur ma’noga ega bo‘lib, tarixiy yutuqlarimizdan so‘zlab beradi.
An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan ushbu tadbirning bu yilgi namoyishi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va yangi kelajakni birgalikda barpo etamiz!” bosh g‘oyasiga qurilgan. Unda mamlakatimiz tarixi va bugungi taraqqiyot bosqichini yorituvchi 200 dan ortiq fotosurat namoyish etildi. Ekspozitsiyaning muhim qismini O‘zbekiston kino, foto va fano hujjatlari milliy arxivi fondlarida saqlanayotgan va mustaqillikning ilk yillari, muhim davlat tadbirlari, jamiyat hayoti hamda O‘zbekistonning tarixiy shakllanishi bosqichini aks ettiruvchi arxiv fotosuratlar tashkil etdi.
Taqdim etilgan arxiv fotohujjatlari nafaqat mamlakat hayotidagi muhim voqealar xotirasini saqlaydi, balki o‘tmish va bugunni bog‘lovchi bebaho tarixiy manba sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi. Ko‘rgazma 6-sentabrga qadar davom etadi.
<iframe width="650" height="650" src="https://www.youtube.com/embed/3YutXx4gSn0" title="O‘zbekistonning 35 yillik shonli tarixi namoyishi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latovNishonboy Abduvoyitov
Salimjon Obidjonov, O‘zA