Yoshlarni qiynayotgan masalalar muhokama qilindi
Qarshi shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz» g‘oyasi asosida «Rahbar va yoshlar» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Safarbarlik chaqiruv rezervida tashkil etilgan tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Qushakov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Jasur Shodiyev, Qarshi davlat texnika universiteti prorektori Abror Murtozoyev hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
Muloqotda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, vatanparvarlik va harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi masalalari xususida fikr almashildi.
Ochiq muloqot davomida yoshlarni qiynayotgan masalalar, ularning taklif va tashabbuslari ham tinglandi. Jumladan, Koson tumanidan harbiy xizmatga chaqirilgan oddiy askar Hikmatillo Amirullayev Safarbarlik chaqiruv rezervidagi xizmatni tamomlagandan so‘ng oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish tartibi va yaratilgan imkoniyatlar haqida kengroq tushuntirish berish masalasini ko‘tardi.
Shuningdek, yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida ish yarmarkasi tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuvda bildirilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va bandligini ta’minlash borasida amaliy choralarni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Tadbir ochiq muloqot ruhida o‘tib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan atroflicha javob olishdi. Bunday uchrashuvlar yoshlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatdagi faolligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri