O‘zbekiston – Xitoy: DXSH asosida tajriba-sinov loyihasi tatbiq etilmoqda
Suv xo‘jaligi vazirligida Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida amalga oshirilayotgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi tajriba-sinov loyihasi natijalari va istiqbollariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Suv xo‘jaligi vazirligi rahbariyati, “Do‘stlik tumani suv yetkazib berish kooperativi” mas’ullari hamda Xitoyning “Beijing Hrunan” kompaniyasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Muloqot davomida tumanda suv yetkazib berish xizmatlarini samarali tashkil etish, mavjud tizimni yangilash va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va loyihaning kelgusi bosqichlarini belgilab olish masalalariga e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-oktabrdagi qarori ijrosiga qaratilgan bo‘lib, Do‘stlik tumanida suv yetkazib berish xizmatlarini davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari orqali tashkil etishni nazarda tutadi. Ushbu loyiha suv xo‘jaligi sohasida boshqaruv samaradorligini oshirish, xususiy sektor imkoniyatlaridan keng foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda aholi va iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuvda kooperativ faoliyatni yanada rivojlantirish, raqamli yechimlardan foydalanish, xizmatlar sifatini oshirish va loyihaning samaradorligini ta’minlash bo‘yicha fikr almashildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, tadbir yakunida tegishli vazifalarni amalga oshirish, hamkorlikni mustahkamlash va loyiha natijadorligini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA