Giyohvandlikka qarshi kurashda yoshlar tashabbusi: sog‘lom jamiyat – barqaror kelajak garovi
26-iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Giyohvandlikka qarshi kurashda yoshlar tashabbusi: sog‘lom jamiyat – barqaror kelajak garovi” mavzusida respublika konferensiyasi o‘tkazildi.
Tadbir giyohvandlikning oldini olish, yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyat va fuqarolik mas’uliyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda mazkur yo‘nalishda davlat organlari, ta’lim muassasalari va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga bag‘ishlandi.
Konferensiyada Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, faol yoshlar hamda yuridik ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Muloqotda sintetik narkotiklarning tarqalishi, ularning internet va boshqa raqamli platformalar orqali noqonuniy muomalaga kiritilishi yoshlar uchun jiddiy xavf ekani qayd etildi. Shu munosabat bilan profilaktika, erta ogohlantirish, huquqiy targ‘ibot va yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda 2026-yil 11-iyunda qabul qilingan, narkotik vositalar, psixotrop moddalar, ularning analoglari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qonunning ahamiyati ham alohida ta’kidlandi. Ushbu hujjat mazkur sohadagi huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Konferensiyaning muhim natijasi sifatida Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandum yoshlar o‘rtasida narkotik vositalar, psixotrop moddalar, ularning analoglari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi profilaktikasini kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, huquqiy madaniyat va fuqarolik mas’uliyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘ladi.
Ishtirokchilar Akademiyada tashkil etilgan giyohvandlikka qarshi kurashishga oid loyihalar ko‘rgazmasi va yoshlarning ijodiy taqdimotlari bilan tanishdi.
“Sog‘lom jamiyat sari: ogohlik va profilaktika” hamda “Giyohvandlikka qarshi kurashda yoshlar tashabbusi va amaliy yechimlar” mavzularidagi sessiyalar tashkil etildi. Ularda tibbiyot, huquq, psixologiya va ta’lim sohalari o‘rtasidagi hamkorlik, barvaqt profilaktika, raqamli loyihalar, sport va ma’naviy tarbiya orqali yoshlar orasida antinarkotik madaniyatni yuksaltirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Giyohvandlikka qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki davlat, oila, ta’lim muassasasi, mahalla va yoshlarning umumiy mas’uliyati ekanligi tadbir yakunida e’tirof etib o‘tildi.
N.Abduraimova, O‘zA