O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida “uzluksiz tranzit” mexanizmi joriy etiladi
13-sentabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari bo‘yicha Aralash komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish O‘zbekiston transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov hamda Qozog‘iston transport vaziri o‘rinbosari Maksat Kaliakparov rahbarligida o‘tkazildi.
Unda ikki davlat o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlarini yanada rivojlantirish, yuk va yo‘lovchi tashuvlari hajmini oshirish, ruxsatnoma berish tizimini takomillashtirish hamda tranzit salohiyatidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar xalqaro avtomobil tashuvlari bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish va raqamlashtirish, ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish hamda elektron hujjat aylanishiga bosqichma-bosqich o‘tishni nazarda tutuvchi “uzluksiz tranzit” mexanizmini joriy etish bo‘yicha Ishchi guruh tuzishga kelishib oldi.
Shuningdek, avtomobil transportida muntazam bo‘lmagan xalqaro yo‘lovchi tashuvlari uchun ruxsatnoma elektron blankalari tizimini 2027-yildan boshlab joriy etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Muzokaralarda avtomobil transporti infratuzilmasini rivojlantirish va transport nazorati samaradorligini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida tomonlar transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rishga kelishib olindi.
Hamroz Bayonov,O‘zA