Yangi sport jihozlari tantanali ravishda topshirildi
Shirin shahar sport maktabi o‘quvchilari uchun 2026–2027-o‘quv yili quvonchli yangiliklar bilan boshlandi. «Ochiq byudjet» loyihasi doirasida sport maktabiga umumiy qiymati 811 million so‘mlik 39 nomdagi 150 dona zamonaviy sport jihozi yetkazib berildi.
Bu shunchaki sport anjomlarining yangilanishi emas. Bu — sportga intilayotgan yoshlar uchun munosib sharoit yaratish, murabbiylar imkoniyatini kengaytirish va eng muhimi, yuqori natijalar sari tashlangan muhim qadamdir.
Sport maktabi jamoasi «Ochiq byudjet» loyihasining 2026-yil I mavsumida faol ishtirok etib, g‘oliblar qatoridan joy oldi. Natijada umumiy qiymati 811 million so‘m bo‘lgan 39 nomdagi 150 dona zamonaviy sport jihozi muassasaga yetkazib berildi.
Yangi anjomlar mashg‘ulotlar sifatini oshirish, sportchilarning texnik ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda o‘quv-mashg‘ulot jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga xizmat qiladi.
Yangi sport jihozlari bugun sportchilar va murabbiylarga tantanali ravishda topshirildi.
Quvonarlisi, sport maktabining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi ishlar «Ochiq byudjet» loyihasi bilan cheklanmadi. O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan ham 11 nomdagi 80 dona sport jihozi va 109 dona maxsus sport kiyimi — ekipirovka yetkazib berildi.
[gallery-31410]
Natijada yangi o‘quv yili arafasida sport maktabida mashg‘ulotlar uchun zarur sharoitlar yanada yaxshilandi. Endi yosh sportchilar zamonaviy anjomlardan samarali foydalanib, mahoratini oshirish, musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va yangi marralarni ko‘zlash imkoniyatiga ega.
— Katta sportda g‘alaba bir kunda qo‘lga kiritilmaydi. Uning zamirida har kunlik mashg‘ulot, murabbiyning mashaqqatli mehnati, sportchining qat’iyati va, albatta, munosib sharoit mujassam. Shirin shahar sport maktabida yaratilayotgan imkoniyatlar ana shu omillarni birlashtirib, yoshlarni katta natijalar sari undaydi, — dedi Shirin shahar sport maktabi direktori Zafar To‘xtarov.
Bugun sport zallarida yangi jihozlar ishga tushdi. Ertaga esa ularda toblangan yosh sportchilar respublika va xalqaro musobaqalar maydonida Shirin shahri va Sirdaryo viloyati sharafini munosib himoya qilishiga ishonch bor.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat)
O‘zA