O‘zbekiston tarixi muzeyida Bobo Naqqosh asarlari namoyish etildi
Bugun 13-aprel kuni Toshkent shahridagi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida milliy va jahon san’ati uyg‘unligini namoyon etgan muhim madaniy tadbir — “Merosning yo‘lchilari: Bobo Naqqosh izidan” nomli badiiy to‘plam taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur nashr va unga hamohang tashkil etilgan ko‘rgazma an’anaviy tasviriy san’at merosini bugungi talqinlar bilan boyitishga qaratilgani bilan e’tiborlidir.
Ushbu badiiy tashabbus Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligining “Yashayotgan meros” boshqarmasi ko‘magida, taniqli rassom Jale Yavuz rahbarligida amalga oshirildi. Unda Turkiya va O‘zbekiston san’atkorlari ishtirok etib, mumtoz naqsh an’analari zamonaviy qarashlar bilan uyg‘unlashtirildi.
To‘plamdan o‘rin olgan asarlar zarhal bezak va mayda tasvir san’ati yo‘nalishida ijod qilayotgan 32 nafar ijodkor tomonidan yaratilgan. Ular orasida tajribali rassomlar bilan bir qatorda talabalar va yosh iste’dod egalari ham bor. Bu jarayon ishtirokchilarga Bobo Naqqosh uslubini amalda o‘rganish, uni qayta talqin qilish va yangi badiiy ifodalar bilan boyitish imkonini berdi.
To‘plam sahifalarida keltirilgan ma’lumotlar Bobo Naqqosh shaxsini yanada yaqqol ochib beradi. Manbalarga ko‘ra, u 15 asrda yashab ijod qilgan bo‘lib, saroy muhitida faoliyat yuritgan. Ayrim tadqiqotlarda uning nomi Sulton Mehmed II davridagi saroy bezaklari bilan bog‘lanadi.
Qayd etilishicha, Bobo Naqqosh nafaqat mohir rassom, balki saroy ustaxonalari faoliyatini boshqargan “naqqoshboshi” sifatida ham tanilgan. Uning ijodiy yo‘li keyinchalik alohida uslub sifatida shakllanib, Sharq tasviriy san’atida muhim o‘rin egallagan hamda keyingi avlod ijodkorlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Tazhib san’atchisi, kurator va qog‘oz restavratori — Ayshegul Chebi (Ayşegul Çebi)ning ta’kidlashicha, loyiha boshida ijodiy yondashuvlar turlicha bo‘lgani sababli ayrim tafovutlar yuzaga kelgan. Shu bois Bobo Naqqosh maktabining asl uslubini saqlab qolish maqsadida dastlab besh nafar rassom ishtirokida “Merosning yo‘lchilari: Bobo Naqqosh izidan” nomli badiiy to‘plam yaratilgan. Ushbu to‘plamda o‘sha davrga xos uslub imkon qadar asl holicha tiklanib, undagi gul va naqshlar birga-bir nusxada qayta ishlangan. Shu bilan birga, kompozitsiya ustida ham alohida ish olib borilgan, zero har bir ijodkor o‘z ijodiy qarashini namoyon etishi zarur edi.
Mutaxassisning qayd etishicha, muayyan qarama-qarshiliklar, asosan, rang tanlash jarayonida kuzatilgan. Negaki, Markaziy Osiyoda bugungi kunda ko‘proq ochiq va to‘q ranglarning keskin uyg‘unligi qo‘llaniladi. Aynan shu jihat dastlab ma’lum qiyinchiliklar tug‘dirgan. Biroq har bir ishtirokchi bilan bosqichma-bosqich ishlash natijasida yakunda Bobo Naqqosh uslubini aniq va ishonchli tarzda tiklashga erishilgan.
To‘plamdan o‘rin olgan asarlarni kuzatar ekanmiz, ularda naqsh oddiy bezak emas, balki ma’no va fikr ifodasi ekanini anglash mumkin.
Asarlarda markazdan yoyilib boruvchi doiraviy tuzilmalar, tartibli shakllar va takrorlanuvchi bezaklar orqali abadiylik va uzluksizlik g‘oyasi ifoda etilgan. Har bir chiziq va bezak o‘zaro bog‘lanib, yagona uyg‘un tuzilmani hosil qiladi.
Rang tanlovida och jigarrang, qum rangi hamda muloyim tuslar ustunlik qiladi. Bunday ranglar asarlarga sokinlik, osoyishtalik va ichki uyg‘unlik bag‘ishlaydi. Nozik chiziqlar, bir-biriga ulanib ketgan gulsimon shakllar esa badiiy ohangdorlikni kuchaytiradi.
Ba’zi asarlarda yozuv va bezak uyg‘unligi alohida ajralib turadi. Bu esa tasvir va so‘z birlashganda mazmun yanada chuqurlashishini ko‘rsatadi. Shuningdek, ayrim sahifalarda qadimiy namunalar va ularning qayta tiklangan ko‘rinishlari berilgani tomoshabinga o‘tmish va bugun o‘rtasidagi bog‘liqlikni his etish imkonini yaratadi.
Mazkur to‘plamdagi asarlar o‘zbek amaliy san’atiga yaqin bo‘lsa-da, ayrim jihatlari bilan farqlanadi.
O‘zbek naqsh san’atida ko‘proq erkinlik, ranglarning jonliligi va milliy ruh sezilsa, bu to‘plamdagi ishlarda tartib-intizom, aniq hisob-kitob va uyg‘unlikka alohida e’tibor qaratilgan. Bezakdagi har bir unsur puxta o‘ylangan va o‘z o‘rniga ega.
Bu esa Bobo Naqqosh maktabining o‘ziga xos jihatini — tartibli, chuqur o‘ylangan va ma’noga boy yondashuvni namoyon etadi.
Mazkur badiiy to‘plam boy tarixiy merosni qayta kashf etish, uni keng jamoatchilikka yetkazish hamda bugungi san’atdagi aksini ko‘rsatishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, u yosh ijodkorlar uchun ham muhim o‘quv va ilhom manbai hisoblanadi.
Tadbir davomida ushbu ishga hissa qo‘shgan rassomlar, tadqiqotchilar va hamkor tashkilotlarga minnatdorchilik bildirildi.
Ertaga 14-aprel — ko‘rgazmaning oxirgi kuni.
M.Eshmirzayeva, O.Davronov, O‘zA