O‘zbekiston maktablarida kancha o‘quvchi tahsil oladi?
O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yili boshida mamlakatimizdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning umumiy soni 6 million 870,5 ming nafarga yetdi.
Ushbu raqamlarni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar bilan qiyoslaganda, maktab o‘quvchilari soni bir yil ichida 94,2 ming nafarga ko‘payganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, jami o‘quvchilarning 51,2 foizini o‘g‘il bolalar, 48,8 foizini esa qiz bolalar tashkil etmoqda.

Hududlar kesimida eng ko‘p o‘quvchi Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, Samarqand viloyatida 814,2 ming, Farg‘onada esa 733,4 ming nafar yosh avlod bilim olmoqda.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyati yuqori ko‘rsatkich bilan (688,1 ming) kuchli uchlikni yakunlab bergan.
Mamlakatning boshqa hududlarida ham ko‘rsatkichlar salmoqli - Andijonda 634,7 ming, Toshkent shahrida 562,1 ming, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida esa mos ravishda 571,3 ming va 572,8 ming nafar o‘quvchi maktab partalarida o‘tiribdi.
Nisbatan kamroq o‘quvchilar soni Sirdaryo (165,1 ming) va Navoiy (195,7 ming) viloyatlarida qayd etilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ham raqamlar deyarli yaqin — mos ravishda 375,5 ming va 377,4 ming nafarni tashkil etmoqda. Toshkent viloyatida esa 547,2 ming nafar o‘quvchi yangi o‘quv yilini boshlagan.
Hamroz Bayonov, O‘zA