Xorazmda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy tizim mustahkamlanmoqda
Urganchda Korrupsiyaga qarshi nazorat, jamoatchilik bilan hamkorlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha Xorazm viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar a’zolari uchun trening o‘tkazildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etilgan treningda hududiy kengash a’zolaridan tashqari, deputatlar, hamkor tashkilotlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar faoliyatining samaradorligini oshirish, hududlardagi korrupsiyaviy muammolar va xavf-xatarlarni aniqlash hamda baholash, mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan treningda sohadagi qonunchilik normalari, ularning amaliy ahamiyati ko‘rib chiqildi.
Ikki kun davom etgan tadbirning ilk kunida hududlardagi mavjud vaziyatlar tahlil qilinib, axborot almashish, vazifalarni taqsimlash va qarorlarni o‘zaro muvofiqlashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, muammolarni hududiy darajada hal etish imkoniyatlari hamda respublika darajasida vakolatli organlar ishtirokida ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan masalalar belgilandi.
Trening dasturining ikkinchi kunida esa jamoatchilik nazorati, ochiqlikni ta’minlash hamda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.
– Ishtirokchilar fuqarolar murojaatlari, ochiq ma’lumotlar, statistik ko‘rsatkichlar, OAV materiallari va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining xulosalaridan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlashda foydalanish usullarini o‘rganadilar, – deydi Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori o‘rinbosari, trener Nozima Toshpo‘latova. – Bunda tasdiqlangan faktlarni da’vo va tekshirilmagan ma’lumotlardan farqlash, qo‘shimcha axborotga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash hamda kelib tushgan xabarlarga vakolatlar doirasida qonuniy va asoslantirilgan munosabat bildirishga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-32284]
Nazariy ko‘nikmalardan so‘ng amaliy mashg‘ulotlar davomida mavjud ma’lumotlarni tekshirish, mas’ul tashkilotlarni belgilash, tegishli choralarni ishlab chiqish va ularning ijrosini monitoring qilish bo‘yicha amaliy takliflar tayyorlandi.
Hududlar bo‘yicha tayyorlangan takliflar esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi hamda hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari va ustuvor yo‘nalishlarini inobatga olgan holda tegishli chora-tadbirlarni belgilashda foydalaniladi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari