O‘zbekiston kimyo sanoati yangi bosqichga ko‘tariladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-iyun kuni “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkiga tashrif buyurib, bir qator korxonalar faoliyati bilan tanishdi hamda kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari dastlab texnoparkdagi “Kmita Polymers” korxonasida bo‘ldi.
Rossiyaning “Polymers” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur loyiha maxsus va keng assortimentdagi polietilen plyonka mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Bunday plyonkalar zamonaviy iqtisodiyotning ko‘zga ko‘rinmaydigan, ammo juda muhim bo‘g‘inlaridan biridir. Bugun oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy texnika, qurilish materiallari, farmatsevtika vositalari va turli sanoat tovarlarining bozorga xavfsiz yetkazilishi, tashqi ta’sirlardan muhofazalanishi ko‘p jihatdan zamonaviy qadoqlash texnologiyalariga bog‘liq.
6 ming 670 kvadrat metr maydonni egallagan korxonada Italiyaning zamonaviy texnologik uskunalari asosida keng assortimentdagi polimer va termoqisqaruvchi plyonka mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Uning ishga tushirilishi natijasida 9,5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi ta’minlanmoqda.
Loyiha ikki bosqichli kengaytirish dasturi asosida amalga oshirilmoqda. Investitsiyalarning umumiy qiymati 15,2 million dollarni tashkil etadi. Uning birinchi bosqichida 7,4 million dollar investitsiya o‘zlashtirildi.
Loyiha doirasida 50 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Keyingi bosqichlarda ish o‘rinlari soni yanada ko‘payishi kutilmoqda.
2025-yilda bu yerda 115 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shu bilan birga, 6 million dollarlik mahsulot Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilindi.
Korxona ishlab chiqarayotgan polimer mahsulotlar Coca-Cola, Pepsi, Flash, “Chernogolovka”, Ackerman, Asl Oyna, Biolife va Family Group kabi yirik brendlarning qadoqlash tizimlarida mahalliy xomashyo sifatida qo‘llanilmoqda.
Qadoqlash industriyasi zamonaviy sanoatning eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi. Chunki mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshib borgan sari uni xavfsiz saqlash, tashish va bozorga yetkazib berish talablari ham kuchayayotgani qayd etildi.
Shu ma’noda, bunday korxonalar sonining ko‘payishi nafaqat bir tarmoqning rivojlanishiga, balki oziq-ovqat sanoati, qurilish, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarning barqaror ishlashiga ham xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkidagi “NovoPlast TPE” korxonasiga bordi.
Loyiha Rossiyaning “VR Plast” korxonasi bilan hamkorlikda 4 ming 200 kvadrat metr maydonda amalga oshirilgan. Uning umumiy qiymati 5,4 million dollarni tashkil etadi.
Korxonada zamonaviy laboratoriya va innovatsion ishlab chiqarish liniyalari yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda u termoplastik elastomer granulalar va ulardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha mahalliy yetakchilardan biri sifatida faoliyat yuritmoqda.
Bu yerda yuqori sifatli termoelastomerlar, eshik va romlar uchun zichlagichlar, texnik hamda oziq-ovqat sanoati uchun mo‘ljallangan shlanglar, shuningdek, qurilish va elektrotexnika tarmoqlari uchun turli polimer mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy afzalligi ularning mustahkamligi, deformatsiyaga chidamliligi va tashqi muhit ta’siriga yuqori bardoshliligi hisoblanadi. Shu sababli mazkur mahsulotlar qurilish, avtomobil sanoati, oziq-ovqat ishlab chiqarish hamda elektrotexnika sohalarida keng qo‘llanilmoqda.
Korxona tarkibida zamonaviy tadqiqot markazi faoliyat yuritadi. Bu yerda Osiyo va Yevropa bozorlari talablaridan kelib chiqqan holda termoelastoplastlarning yangi retsepturalari ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga, tayyor granulalar, zichlagichlar va yuqori bosimli shlanglar xalqaro standartlar asosida sinovdan o‘tkaziladi.
58 ta yangi ish o‘rni yaratilib, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, bu yerda 103 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shuningdek, 5 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Korxona faoliyatining yana bir muhim natijasi import o‘rnini bosish bilan bog‘liq. Xususan, 2025-yilda 8,5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Kelgusida korxona mahsulot ishlab chiqarish hajmini 177 milliard so‘mga hamda eksport ulushini 60 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Bu rejalar amalga oshirilsa, korxona nafaqat mahalliy bozor ehtiyojlarini qondirish, balki Markaziy Osiyo va boshqa tashqi bozorlarda ham o‘z mavqeini yanada mustahkamlashi mumkin.
“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkiga tashrif davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev “BCG Group OZ” korxonasi bilan tanishdi.
Maishiy va avtomobil kimyosi kundalik turmush va transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatishda foydalaniladigan kimyoviy vositalar hisoblanadi. O‘zbekistonda bu turdagi mahsulotlarning katta qismi import qilinar edi, ammo bugungi kunda mahalliy ishlab chiqarish jadal rivojlanmoqda.
“BCG Group OZ” korxonasi ayni kunda keng assortimentda maishiy va avtomobil kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Umumiy qiymati 6 million dollarlik loyiha doirasida rossiyalik hamkor bilan tashkil etilgan korxonada 80 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
80 dan ortiq turdagi mahsulotlar, jumladan, avtokimyo va avtokosmetika, mehmonxona, restoran va sanoat uchun professional klining vositalari ishlab chiqarilmoqda.
Birgina o‘tgan yilda 176 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2,6 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. 14,7 million dollarlik mahsulot import o‘rnini bosdi.
Mahsulotlarning sifati milliy va xalqaro hujjatlar, xususan, ISO 9001, “Halol” hamda MDH davlatlari sertifikatlari bilan tasdiqlangan.
Ishlab chiqarish jarayonida sifat nazorati xomashyodan boshlab tayyor mahsulotgacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab oladi. Laboratoriyada xomashyoning texnik talablarga muvofiqligi, mahsulotning qovushqoqligi, pH ko‘rsatkichi, zichligi va samaradorligi tekshiriladi.
Bugungi kunda korxona mahsulotlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘oniston kabi qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda.
Korxona kelgusida mahsulotlarining hajmini 294 milliard so‘mga yetkazishni maqsad qilgan.
Davlatimiz rahbari bu kabi ishlab chiqarishlar mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Sanoatni modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish iqtisodiyot rivojining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Shu maqsadda tashkil etilgan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki bugungi kunda sohadagi yangi avlod sanoat maydonlaridan biri sifatida shakllanib ulgurdi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 3-fevraldagi tegishli qarori ijrosi doirasida barpo etilgan mazkur texnopark kimyo mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay muhit yaratish maqsadiga xizmat qilmoqda. Umumiy maydoni 26,4 gektar bo‘lgan hududda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va zamonaviy infratuzilmani shakllantirishga 25 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi.
Texnoparkning investitsiyaviy jozibadorligi aniq raqamlarda o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, 2025-yilda 56 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirilib, 758 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yil davomida korxonalar tomonidan 60 million dollarlik 150 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarildi.
Kelgusi rejalar ham ulkan. 2030-yilga qadar investitsiyalar hajmini 207 million dollarga, tovar mahsuloti ishlab chiqarishni 294 million dollarga, eksportni 48 million dollarga yetkazish hamda ish o‘rinlari sonini 2 ming 300 taga oshirish belgilangan.
Shu yerda Prezident Shavkat Mirziyoyevga texnopark faoliyati, shuningdek, kimyo sanoatini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-amaliy loyihalar taqdimot qilindi.
Bugungi kunda mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish agrar sektor barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Yiliga 3,7 million tonna o‘g‘it ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa-da, import qilinayotgan fosforli va suvda eruvchan o‘g‘itlarga bo‘lgan talab tarmoqni yanada modernizatsiya qilishni taqozo etmoqda. Bu borada 2,8 milliard dollarlik investitsiya loyihalari ishlab chiqilgan.
Neft-kimyo tarmog‘ida esa polimerlarga bo‘lgan ichki ehtiyoj ortib bormoqda. 2032-yilga borib, mazkur ehtiyoj 3,2 million tonnaga yetishi prognoz qilinmoqda. Angrenda “Ko‘mirdan olefinlar olish” va Qo‘ng‘irotda “Naftani qayta ishlash” kabi yirik loyihalarning amalga oshirilishi ushbu talabni to‘liq qondirish va import o‘rnini bosishga xizmat qiladi.
Maishiy kimyo sohasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Investitsiya loyihalari orqali import hajmini ikki barobarga qisqartirish, ichki iste’molni mahalliy mahsulotlar hisobiga 64 foizgacha yetkazish va eksport ko‘rsatkichlarini oshirish ko‘zda tutilgan.
So‘ng shu yerda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Iqtisodiyotimiz jadal rivojlanib, so‘nggi yillarda sanoat tarmoqlarida 3 ming turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.
Bundan 9-10 yil avval mamlakatimizda kimyo mahsulotlarining asosiy qismini mineral o‘g‘itlar tashkil qilgan. Keyingi yillarda sohaga 8 milliard 300 million dollar investitsiya kiritilib, 87 ta yirik quvvat ishga tushirildi.
PVX, “yashil” vodorod, ko‘pikli polipropilen, BOPP plyonka kabi 60 dan ziyod turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Bu orqali iqtisodiyot tarmoqlarida minglab yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo bazasi yaratildi.
Natijada sohada eksport 3 karra o‘sdi, ishchilar soni 50 ming nafardan oshdi.
Shu bilan birga, tarmoqda hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. So‘nggi to‘qqiz yilda respublika sanoati o‘rtacha 6,3 foizga o‘sgan bo‘lsa, kimyo sanoatida bu ko‘rsatkich 3 foizga ham yetmagan. Kimyo mahsulotlari importi 4 barobar oshib, yiliga 4,5 milliard dollarga yetgan.
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati asosan o‘z tizimidagi yirik korxonalar bilan cheklanib qolayotgani, sohadagi 5 mingdan ortiq korxona bilan tizimli ishlash, ularning muammo va takliflarini eshitish sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda mahsulotlar tarkibini o‘zgartirish, qo‘shilgan qiymatni oshirish va energiya sarfini kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mamlakatimizda yiliga 1,5 million tonna ammiakli selitra ishlab chiqarilib, bunga 1 milliard 70 million kub metr gaz sarflanmoqda. Shu bilan birga, ilg‘or davlatlar selitra iste’molini kamaytirib, qishloq xo‘jaligida karbamid va suvda eruvchan o‘g‘itlar, tog‘-kon sanoatida esa g‘ovaksimon selitradan foydalanishga o‘tmoqda.
Ammiakli selitra bilan tannarxi bir xil bo‘lgan g‘ovaksimon selitrada qo‘shilgan qiymat 2 barobar yuqori. Mutasaddilar va kimyo korxonalari rahbarlari bunday loyihalarni ko‘paytirish haqida jiddiy o‘ylashi kerakligi qayd etildi.
Shuningdek, “Navoiyazot”da ishlab chiqarilayotgan 1 tonna sian tuzining narxi 3 ming 700 dollar bo‘lsa, undan yelim ishlab chiqarilganda qiymati 8 ming dollargacha oshishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Mas’ullarga “Navoiyazot” yonidagi klasterda 1 milliard dollarlik 10 ta kam tonnali kimyo loyihasini boshlash topshirildi.
Geologiyada mavjud zaxiralarni to‘liq ishga solish orqali ham qo‘shilgan qiymatni bir necha barobar oshirish mumkinligi ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiyda 550 million tonna natriy va kaliy, 20 million tonna bentonit zaxiralari bor. Ushbu xomashyo chuqur qayta ishlanib, kaustik soda ishlab chiqarilsa, qo‘shilgan qiymat 3 barobar oshadi.
Jizzaxda 1,5 million tonna, Qoraqalpog‘istonda 500 ming tonna serpentinit zaxirasi aniqlangan. Unga sulfat kislotasi bilan ishlov berilsa, tonnasi 5 ming dollargacha bo‘lgan magniy oksidi olish mumkin. Serpentinit yanada chuqur qayta ishlansa, nikel, xrom va kobalt olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa elektrotexnika sanoati uchun muhim xomashyo hisoblanadi.
Mutasaddilarga fosforit, galit, mirabilit, serpentinit kabi kimyo sanoati uchun zarur xomashyo zaxiralarini 2 barobar oshirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqib, amaliy ishlarni boshlash topshirildi. Serpentinit xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha kamida 200 million dollarlik loyihalarni joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Mamlakatimizga yiliga 300 million dollarlik maishiy kimyo mahsulotlari import qilinmoqda. Mintaqada esa bunday mahsulotlar uchun 2 milliard dollarlik bozor mavjud.
Misol uchun, “Angren” erkin iqtisodiy zonasidagi tadbirkor dunyoga mashhur “Henkel” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Hozir ushbu korxona “Henkel” tomonidan sotib olingan bo‘lib, bu yerdan Hamdo‘stlik davlatlariga mahsulot yetkazib berish rejalashtirilmoqda.
Bunday loyihalarni ko‘paytirish maqsadida poytaxtdagi sanoat zonalaridan biridagi maydonlar maishiy kimyo loyihalari uchun ajratiladi. Ishga tushirilgan korxonalarni brendi bilan birga tayyor daromadli biznes sifatida xususiy sektorga sotish sharti bilan ushbu yo‘nalishga 50 million dollar yo‘naltiriladi.
Boshqa viloyatlardagi shunday loyihalar uchun Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasidan 15 million dollar ajratiladi. Umuman, mutasaddilarga maishiy kimyoda kamida 100 ta yangi brend mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda mineral o‘g‘itlar bozoridagi imkoniyatlar ham tahlil qilindi.
Dunyoda mineral o‘g‘itlarga talab yiliga 5 foizdan o‘smoqda va 2030-yilda 260 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Ayniqsa, yangi agrotexnologiyalar hisobiga suvda eruvchan o‘g‘itlarga ehtiyoj keskin ortib bormoqda.
Kelgusi uch yilda soha mas’ullari va hokimlar oldida 2 milliard 800 million dollarlik 42 ta loyihani ishga tushirish vazifasi turibdi. Bu orqali 2030-yilga borib, azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmini 2,8 million tonnadan 4 million tonnaga, fosforli o‘g‘itlarni 400 ming tonnadan 900 ming tonnaga, suvda eruvchan o‘g‘itlarni 100 ming tonnadan 400 ming tonnaga yetkazish muhimligi ta’kidlandi.
Suvda eruvchan o‘g‘itlar, polimerlar, maishiy va noorganik kimyo bo‘yicha rejalashtirilgan yirik loyihalar hisobidan nanokimyo, “yashil” kimyo, supermolekulyar kimyo, sun’iy intellekt asosida kimyoviy modellashtirish kabi zamonaviy yo‘nalishlarda kadrlarga talab ortishi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan kimyo sanoatida ta’lim, tadqiqot, laboratoriya va startaplarni qamrab olgan yaxlit tizim yaratilishi belgilandi.
Buning uchun Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 60 gektar maydonda kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va ta’lim klasteri tashkil etiladi. Ushbu klasterda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi barpo qilinadi. Markazda tajriba-sinov ishlari bilan bog‘liq xarajatlarning yarmi qoplab beriladi.
Umuman, kimyo sanoatida 17 milliard dollarlik 350 dan ziyod loyihani ishga tushirish bo‘yicha dastur ishlab chiqib, amaliy ishlarni boshlash topshirildi.
Davlatimiz rahbari ushbu katta marralarga erishish uchun sohani ilmiy asoslangan va zamonaviy yondashuvlar asosida boshqarish zarurligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan “O‘zkimyosanoat”ni transformatsiya qilish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish davomida kimyo sanoati mas’ullari va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalar rahbarlari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA maxsus muxbirlari