ICH assambleyasi doirasida O‘zbekiston va NAFDAC o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Shu kunlarda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida “Inson foydalanadigan farmatsevtika vositalariga qo‘yiladigan texnik talablarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha Xalqaro kengash” (ICH) assambleyasi hamda “Dori vositalarini tartibga solish bo‘yicha xalqaro platforma” (IPRP)ning umumiy yig‘ilishlari bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur xalqaro tadbirlarda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Bu haqda Markaz matbuot xizmati batafsil ma’lumot taqdim etdi.
Tadbir doirasida Nigeriyaning Dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarini nazorat qilish milliy agentligi — NAFDAC (National Agency for Food and Drug Administration and Control) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv yakunida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda NAFDAC o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, inspeksiya faoliyati, laboratoriya sinovlari, farmakonazorat, kadrlar salohiyatini oshirish hamda xalqaro standartlarni joriy etish yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Ta’kidlash joizki, NAFDAC Afrika qit’asidagi eng ilg‘or regulyator organlardan biri hisoblanadi. Agentlik Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan beriladigan WHO Maturity Level 3 (ML3) maqomini qo‘lga kiritgan va uni muvaffaqiyatli tasdiqlagan ilk Afrika regulyatori sifatida e’tirof etilgan. Ushbu maqom regulyator tizimning barqaror, yetuk va xalqaro darajada tan olingan faoliyat yuritayotganini anglatadi.
NAFDAC laboratoriyalari ISO/IEC 17025:2017 va ISO 9001:2015 xalqaro standartlari bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan bo‘lib, markaziy laboratoriyasi JSSTning prekvafikatsiya dasturiga kiritilgan. Shuningdek, agentlik tibbiy buyumlar va in vitro diagnostika vositalarini tartibga solish bo‘yicha JSST global benchmarking baholashidan muvaffaqiyatli o‘tgan dunyodagi ilk regulyator organ sifatida ham e’tirof etiladi.
E’tiborlisi, ushbu xalqaro tadbirlar davomida NAFDAC tashkiloti ICHning to‘laqonli a’zoligiga qabul qilindi. Shu tariqa Nigeriya regulyator organi xalqaro farmatsevtika hamjamiyatining eng nufuzli tuzilmalaridan biri hisoblangan ICHning to‘laqonli a’zolari qatoridan joy oldi hamda xalqaro me’yoriy hujjatlar va yo‘riqnomalarni ishlab chiqish jarayonlarida bevosita ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston regulyator organi 2024-yilda ICH'ga kuzatuvchi sifatida qabul qilindi. Bu esa mamlakatimiz farmatsevtika tizimini xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish va dori vositalarini tartibga solishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Rio-de-Janeyroda o‘tkazilayotgan uchrashuvlar va erishilayotgan kelishuvlar O‘zbekistonning xalqaro farmatsevtika hamjamiyati bilan hamkorligini yanada kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish hamda mahalliy farmatsevtika tarmog‘ining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Mohigul Qosimova, O‘zA