O‘zbekiston davlat sport akademiyasi delegatsiyasi Italiyada
Mamlakatimiz sport sohasining bir guruh mutaxassislari, olimlar Italiya safarining ilk kunlarida Trento universiteti tarkibida faoliyat yuritayotgan ilg‘or ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Ilmiy laboratoriyalarga tashriflar amalga oshirildi.
Yevropa miqyosida kognitiv fanlar, neyroilm va eksperimental tadqiqotlar sohasida yetakchi ilmiy muassasalardan biri sanalgan Center for Mind/Brain Sciences (CIMeC) markazida inson miyasi faoliyati, kognitiv jarayonlar va xulq-atvorni zamonaviy texnologiyalar asosida tadqiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar o‘rganildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston davlat sport akademiyasi rektori Ilhomjon Tursunaliyev yetakchiligidagi yurtimiz olimlari Italiyaning Neuroimaging Labs (LNiF) nomli yetakchi ilmiy laboratoriyasida inson miyasi faoliyatini funksional magnit-rezonans tomografiyasi, elektroensefalografiya va boshqa zamonaviy texnologiyalar orqali tahlil qilishga qaratilgan tadqiqotlar, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va inson-mashina o‘zaro ta’siri sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Uchrashuvlar davomida italiyalik olimlar bilan psixologiya, kognitiv tadqiqotlar hamda raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro grant dasturlarida ishtirok etish, olimlar va tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda akademik mobillikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr yuritildi.
Italiyada olingan tajriba va ilg‘or ilmiy yondashuvlar O‘zbekistonda sportchilarning funksional holatini baholash, yuqori natijalarga erishishda ilmiy tadqiqotlarni takomillashtirishga qaratilgani bilan e’tiborlidir.
T. Ro‘ziyev, O‘zA