Andijonlik jurnalistlar sport musobaqalarida bellashishdi
Andijonda matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, soha faxriylari ishtirokida sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni oldidan O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi tashabbusi bilan bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari, matbuot xizmatlari vakillari hamda soha faxriylari ishtirokida sportning tennis, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.


– Soha xodimlarining kasb bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilgan an’anaviy sport musobaqalarida ijodiy jamoalar vakillari faol ishtirok etishdi, - dedi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyati bo‘limi rahbari Saminjon Husanov. – Ijodkorlar sporotda ham faol ekanliklarini namoyish etishdi. Shu bois ham qizg‘in bahslar ostida o‘tgan musobaqalarda g‘oliblarni aniqlash oson kechmadi.
Musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, tennis musobaqasida faxriy jurnalist Ashurali Mamatov, shaxmat musobaqasida soha faxriysi Najmiddin Ergashev, shashka musobaqasida esa ijtimoiy tarmoq faoli Ulug‘bek Abdujabborov birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

– Qaysi soha, qaysi kasbda bo‘lishdan qat’i nazar, sport bilan oshno bo‘lgan inson hamisha sog‘-salomat, ruhi tetik bo‘ladi, - dedi tennis musobaqasi sovrindorlaridan biri, faxriy jurnalist A’zamjon Qodirov. –Ayniqsa, sport ijodkorga kuch-g‘ayrat, shijoat va ilhom beradi. Buni yoshi oltmishdan oshgan inson sifatida faoliyatim, hayotim davomida ko‘p bor his etganman.

Musobaqalar g‘olib va sovrindorlari Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari