Navoiyda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida shashka bo‘yicha respublika finali o‘tkazildi
Navoiy shahrida Prezident tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning shashka turi bo‘yicha 16-21, 22-26 hamda 27-30 yosh toifalarida ayollar o‘rtasida respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridan hududiy saralash bosqichlarida g‘olib bo‘lgan eng kuchli sportchilar ishtirok etib, aql-zakovat, diqqat va strategik fikrlashni talab etadigan bahslarda o‘z mahoratini namoyon etdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, 16-21 yosh toifasida sirdaryolik Go‘zal Bo‘ronova, 22–26 yosh toifasida farg‘onalik Mahliyo Toshpo‘latova, 27-30 yosh toifasida esa qoraqalpog‘istonlik Go‘zal Davlatboyeva birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, respublika chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
[gallery-30468]
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Arslonov (surat) O‘zA