Voleybolchilarimiz bugun Islomobodda Pokiston jamoasi bilan kuch sinashadi
Bugun, 26-iyul kuni Islomobod shahrida voleybol bo‘yicha erkaklar o‘rtasida davom etayotgan Markaziy Osiyo chempionatining navbatdagi to‘rtinchi kungi bahsida O‘zbekiston terma jamoasi mezbon jamoa Pokiston terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi.
Aytish lozimki, ortda qolgan 3 ta tur o‘yinlaridan so‘ng mamlakatimiz voleybolchi yigitlari 2 ta g‘alaba, 1 ta mag‘lubiyat evaziga turnir jadvalining 2-pog‘onasini band etib turibdi.
O‘tkazilgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, mahoratli voleybolchilarimizdan Islomjon Sobirov 73 ochko bilan Markaziy Osiyo chempionatining eng sermahsul o‘yinchilari ro‘yxatida 1-o‘rinni egallab turibdi. Aynan uning samarali o‘yini terma jamoamizning muvaffaqiyatlarida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 29-iyulga qadar davom etadigan chempionatda bir kun muqaddam Shri-Lankaga qarshi o‘yinda hamyurtlarimiz raqiblarini 3:1 hisobida dog‘da qoldirgandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA