“Navbahor” transfer oynasidan qanday foydalandi?
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining tegishli qo‘mitasi tomonidan bir qator futbolchilar oldidagi qarzdorliklar bartaraf etilmagani sababli “Navbahor” klubiga nisbatan qaror qabul qilingan edi. Mazkur qarorga ko‘ra, klubga 2026-yil 24-iyuldan boshlab ketma-ket ikki ro‘yxatdan o‘tkazish davri mobaynida milliy va xalqaro miqyosda yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlangan.Ayni paytda klub tomonidan mavjud qarzdorliklar bartaraf etilgani munosabati bilan mazkur taqiq bekor qilindi.
Shundan so‘ng, “Lochinlar” tarkibida bir qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Klub rahbariyati O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Muhammadqodir Hamraliyev bilan 2027-yil yakuniga qadar shartnoma imzoladi.
Ushbu futbolchi 2001-yilda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. Faoliyati davomida Samarqandning “Dinamo”, Toshkentning “Olimpik” jamoalarida to‘p surgan. 25 yoshli markaziy himoyachi 2023-yildan buyon Toshkentning “Paxtakor” jamoasida faoliyat yuritayotgandi.

Shuningdek, “Navbahor”ga to‘rt yillik tanaffusdan so‘ng, bu yil yana qo‘shilgan tajribali hujumchi Quvondiq Ro‘ziyev jamoa safini tark etib, “Buxoro” klubiga o‘tdi. O‘tgan yilgi mavsumda muxlislarga chiroyli o‘yinlari bilan manzur kelgan yarim himoyasi Abbos G‘ulomov ham Namanganni tark etib, “Nasaf” klubi bilan shartnoma imzoladi.

Qizig‘i shundaki, “Jch-2026”da milliy terma jamoamiz sharafini himoya qilgan “Paxtakor” vakili Abdulla Abdullayev “Lochinlar” bilan shu yil 13-iyulda kelishuvga erishgandi. Markaziy himoya va tayanch yarimhimoyasida o‘ynay oladigan 28 yoshli futbolchi jarohati sababli yangi jamoasi safida maydonga tushmayotgandi. Ammo Abdulla Abdullayev kutilmaganda “Navbahor” klubi bilan bitimni bekor qildi.

Eslatib o‘tamiz, “Navbahor” klubi ikkinchi davraning dastlabki turlarida “Xorazm” (5:1) va “Surxon” (0:1) klublarini yengib, mamlakat superligasida 28 ochko to‘plagan holda, “OKMK” klubi bilan birga uchinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. Temur Kapadze shogirdlari navbatdagi turda 14-avgust kuni o‘z maydonida Toshkentning “Bunyodkor” klubini qabul qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA