Namanganda zamonaviy xizmat ko‘rsatish ko‘chasi foydalanishga topshirilish arafasida
FOTOREPORTAJ
Namangan shahrining eng gavjum hududlaridan biri — Lutfiy, Usmon Nosir va Bank ko‘chalari kesishmasining 2 kilometrlik qismida barpo etilayotgan zamonaviy xizmat ko‘rsatish ko‘chasi foydalanishga topshirilish arafasida.
“Zamin dizayn” mas’uliyati cheklangan jamiyati loyihasi asosida “Big family” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish ishlari yakuniy bosqichga yetdi. “Zarbdor tajribasi” asosida tashkil etilayotgan mazkur servis hududida 20 dan ortiq savdo ob’ekti barpo etilmoqda. Ushbu ob’ektlar “K-savdo” elektron platformasi orqali xarid qilgan tadbirkorlar tomonidan zamonaviy ko‘rinishda qurilmoqda.
Shahar hokimi A. Kamolov hududda olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, qurilish sifati va muddatlariga alohida e’tibor qaratdi. O‘rganish jarayonida aniqlangan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish hamda ishlarni belgilangan standartlar asosida yakunlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
[gallery-28962]
Shu bilan birga, Namanganda 65-Xalqaro Gullar festivaliga tayyorgarlik ishlari ham jadal davom etmoqda. Yubiley tadbirini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.
Bog‘ hududida obodonlashtirish ishlari, yashil maydonlarni tartibga keltirish, noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish hamda hududning estetik ko‘rinishini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti.
Shuningdek, “Bir oy davomida jamoa tomonidan ekilgan eng ko‘p gullar” nominatsiyasi bo‘yicha rekord o‘rnatish maqsadida gul ekish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA