Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida ochiqlik strategiyasi: natija va istiqbol
Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati so‘nggi yillarda tubdan yangilanib, mazmun-mohiyat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Bunday siyosatning asosiy belgisi sifatida ochiqlik, ishonch va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyili ilgari surildi. Ayni strategiya nafaqat nazariy yondashuv, balki amaliy natija bilan mustahkamlanayotgan tizimli siyosiy yo‘l sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ta’kidlash joiz, mamlakatimiz tashqi siyosati milliy manfaatga asoslangan holda ochiq va samarador xususiyat kasb etmoqda. Rasmiy manbalarga ko‘ra, tashqi siyosiy faoliyatimizning bosh maqsadi – suverenitetni mustahkamlash, xalqaro maydonda yurt nufuzini oshirish va yon-atrofda barqaror muhit shakllantirishdan iborat. Bunday yondashuv tashqi siyosat yopiq va bir tomonlama emas, balki ko‘p qirrali, pragmatik tus olganini anglatadi.
Shu nuqtai nazardan ochiqlik strategiyasi avvalo mintaqaviy darajada aks etib, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabat yangi bosqichga kirdi. O‘zaro ishonch muhitini shakllantirish, chegara masalalarini hal etish, transport va energetika sohalarida integratsiyani kuchaytirish kabi yo‘nalishlar ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Natijada mintaqamiz avvalgi ziddiyatlar maydonidan hamkorlik makoniga aylana boshladi.

Yangi tashqi siyosiy strategiyamizning yana bir muhim jihati – global maydonda faollik ortib borishi bilan belgilanadi. So‘nggi yillarda respublikamiz xalqaro tashkilotlar, yirik davlatlar va mintaqaviy bloklar bilan hamkorlikni kengaytirdi. Ya’ni, O‘zbekiston “Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida ko‘prikka aylanish” tamoyilini tanlagan. Bunday yo‘l geosiyosiy jihatdan muvozanatli va manfaatli tashqi siyosatga xos. Tashqi iqtisodiy aloqada ham ochiqlik muhim natija berdi. Investitsiya muhiti yaxshilanishi, savdo hajmi o‘sishi va xalqaro iqtisodiy integratsiya chuqurlashishi fikrimizga yaqqol dalildir. Masalan, Yevropa Ittifoqi bilan savdo-sotiq izchil o‘sishi mamlakat iqtisodiyotining tashqi bozorga integratsiyalashuvini kuchaytirdi. Boshqacha aytganda, tashqi siyosat va iqtisodiy islohot o‘zaro uyg‘unlik kasb etgan.
Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim xususiyatlaridan yana biri – pragmatika va muvozanat. Mamlakatimiz turli geosiyosiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirib, tashqi siyosatda qarama-qarshilik emas, balki manfaat tarozisini teng ushlashga intilmoqda. Bugungi tashqi siyosatimiz ochiqlik, pragmatizm va faollik tamoyiliga asoslangan.
Shu o‘rinda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida tashqi siyosatda ochiqlikni yanada chuqurlashtirish ustuvor vazifa etib belgilanganini alohida qayd etish lozim. Bu jarayonda mintaqaviy integratsiya, transport-kommunikatsiya loyihalari, suv-energetika hamkorligi kabi yo‘nalishlar strategik ahamiyatga ega. Demak, tashqi siyosatimizda uzoq muddatli, tizimli va barqaror yondashuv shakllanmoqda. Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida ochiqlik strategiyasi qisqa vaqtda sezilarli natija berdi. Mamlakatning xalqaro imiji yaxshilandi, mintaqada ishonch muhiti mustahkamlandi, iqtisodiy aloqalar kengaydi va global maydondagi faollik oshdi. Eng muhimi, tashqi siyosat ichki islohot bilan uyg‘unlashib, milliy taraqqiyot drayveriga aylanmoqda. Ochiqlik strategiyasining istiqboli barqarorlik va institutsionallashuv bilan bevosita bog‘liq. Bugungi kunda O‘zbekiston tashqi siyosati iqtisodiy diplomatiya, “xalq diplomatiyasi” va madaniy-gumanitar hamkorlik orqali ham kengaymoqda. Shu tariqa tashqi siyosat keng qamrovli va ko‘p qatlamli tizimga aylanmoqda.

Keyingi bosqichda ochiqlikni yanada chuqurlashtirish uchun qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab olingan. Birinchidan, Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonini institutsional asosga o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada doimiy muloqot platformasi, qo‘shma dasturlar, mintaqaviy institutlar shakllanishi samaradorlikni yanada oshiradi. Ikkinchidan, transport va logistika sohasidagi transmilliy loyihalar orqali tranzit salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish masalasi dolzarb. Uchinchidan, tashqi siyosatga raqamli diplomatiya va innovatsion yondashuv joriy etish istiqbolli yo‘nalish sifatida ko‘rilyapti. Axborot texnologiyalari va raqamli platformalar orqali xalqaro hamkorlikni kengaytirish, mamlakat imijini ilgari surish va investitsiya jalb etish imkoniyati ortib boradi. Bunday uslub tashqi siyosatni zamonaviy talabga moslashtirishning muhim omilidir.
Ochiqlik strategiyasini amalga oshirishda muayyan xavf ham mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi. Jumladan, global geosiyosiy raqobat kuchayishi, suv-energetika masalasi va xavfsizlikka oid tahdid tashqi siyosat samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu nuqtai nazardan tashqi siyosatda muvozanat va ehtiyotkorlik tamoyilini saqlab qolish O‘zbekiston uchun ustuvor ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, eksport bozorini kengaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ulushini oshirish ham tashqi siyosatning muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shu tariqa mamlakat iqtisodiyotining tashqi omillarga qaramligini kamaytirish, barqaror rivojlanishni ta’minlash mumkin.
Umuman, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida ochiqlik strategiyasi nafaqat bugungi kun uchun, balki uzoq muddatli istiqbolda ham samarali model sifatida shakllanmoqda. Ayni jarayonda asosiy ustunlik milliy manfaatni himoya qilgan holda global hamkorlik yo‘liga, ya’ni “yopiqlikdan ochiqlikka” o‘tish orqali yangi taraqqiyot imkoniyatini yaratishdir. Xulosa qilib aytganda, tashqi siyosatimizda ochiqlik strategiyasi qisqa davr ichida sezilarli natijalarga erishdi va bugungi kunda mamlakat taraqqiyotining muhim ustuniga aylandi. Kelgusida mazkur siyosatni izchil davom ettirish, yangi sharoitlarga moslashtirish va institutsional jihatdan mustahkamlash diyorimizning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA