Mas’uliyatli mavsum
Mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim mavsum — g‘alla o‘rimi boshlandi.
Toshkent viloyati faollari, nuroniylar, jamoat va davlat tashkilotlari mutasaddilari, tuman va shahar hokimlari, fermer va klasterlar rahbarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari ham mana shu muhim mavsum munosabati bilan Zangiota ziyoratgohida yig‘ildi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida muazzam maskan ziyorat qilinib, o‘tganlar ruhi pokiga Qur’on tilovat qilindi. Tabarruk qadamjoda jonliq so‘yilib, ehson dasturxoni yozildi. Qo‘llar duoga ochilib, barakali xirmonni to‘plashda bel bog‘lagan bobodehqonlarning ishiga unum, el dasturxoniga to‘kinlik, yurtimizga tinchlik tilab fotiha qilindi.

Ta’kidlanganidek, g‘allakorlar oldida yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda, sifatli va talafotsiz yig‘ib-terib olish vazifasi turibdi. Joriy yilda hudud mirishkorlari tomonidan boshoqli don ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirildi. Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalar hamda ilg‘or tajribalarni qo‘llash, urug‘chilikka e’tibor o‘z samarasini berdi.
Bahorning seryog‘in kelishi va qulay tabiiy muhit tufayli lalmi maydonlarga ham baraka yog‘ildi. Endilikda asosiy maqsad katta mehnat va sarf-xarajat evaziga yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan, qisqa muddatlarda o‘rib-yanchib, qabul punktlari va xirmonlarga joylashtirishdan iborat. Bu jarayonda har bir kun g‘animat hisoblanadi.

Marosimda viloyat rahbari, nuroniylar vakillari so‘z olib, g‘alla o‘rimida ishtirok etadigan mexanizatorlar, ta’minotchilar, fermerlar va soha vakillariga mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish, texnika va resurslardan samarali foydalanish, hosilni talofatsiz yig‘ib olish, yong‘in xavfsizligiga va boshqa texnik reglamentlarga qat’iy rioya qilish, mavsum mehnatkashlarining ijtimoiy himoyasi va manfaatdorligini oshirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.
Fidokorona sa’y-harakatlar bilan bu yilgi o‘rim mavsumi ham yuqori natijalar bilan yakunlanishiga ishonch bildirildi.
A.Musayev,O‘zA