Inson kapitali — samarador boshqaruvning asosiy omili
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahrida soliq organlari mutaxassislari uchun inson resurslarini boshqarish (HR-menejment) va KPI tizimini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda respublika hududiy soliq organlarining inson resurslarini rivojlantirish bo‘linmalari hamda matbuot xizmati vakillari ishtirok etdi.
Seminarda har qanday tashkilotning asosiy boyligi hisoblangan inson kapitalini rivojlantirish, xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning kasbiy salohiyatidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida HR-menejmentning zamonaviy yondashuvlari, kadrlar strategiyasining tashkilot samaradorligidagi o‘rni, davlat organlarida KPI tizimini joriy etish bo‘yicha xalqaro tajriba xususida ma’ruzalar tinglandi.
[gallery-29796]
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda soliq organlari oldida yuqori malakali kadrlarni saralashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, mehnat natijalarini xolis baholash, xodimlarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish, motivatsiya tizimini takomillashtirish hamda faoliyat samaradorligini oshirish vazifalari turibdi.
“Saralashdan samaragacha” mavzusida o‘tgan seminarda ishtirokchilar amaliy mashg‘ulotlar, muhokamalar va savol-javoblar orqali o‘zaro tajriba almashdi.
Shuningdek, yosh mutaxassislarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, kadrlar zaxirasini shakllantirish va bilim hamda tajriba uzviyligini ta’minlovchi “ustoz–shogird” institutini yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminarning ikkinchi kunida ishtirokchilar Farg‘ona davlat universiteti iqtisodiyot fakulteti bitiruvchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Shuningdek, Rishton tumanidagi “Mingboshi keramik” kulolchilik korxonasi va Marg‘ilon shahridagi “Yodgorlik” korxonasi faoliyati bilan tanishib, ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatdi.
Ishtirokchilar uchun Marg‘ilon shahrida buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan atalgan zamonaviy turizm markaziga sayohat ham tashkil etildi.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilarga Soliq qo‘mitasi sertifikatlari topshirildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA