Mahalladan xalqaro maydongacha: sport taraqqiyotining yangi bosqichi
Munosabat

O‘zbekistonda sport faqat musobaqalar yoki rekordlar bilan bog‘liq soha emas, balki u inson salomatligi, yoshlar tarbiyasi, jamiyat faolligi va hatto mamlakat nufuzini belgilab beradigan muhim ijtimoiy kuchga aylanmoqda.
Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda давлатимиз rahbari ta’kidlaganidek, sport bu sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va yurt sharafini namoyon etadigan ulkan kuchdir.
Oxirgi yillarda bu sohaga bo‘lgan e’tibor tubdan o‘zgardi. Ilgari sport ko‘proq alohida guruhlar faoliyati sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun u butun jamiyatni qamrab oluvchi harakatga aylanib bormoqda. Shu bois keyingi yillarda mamlakat bo‘ylab sport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Bu raqamlarda ham, hayotda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Masalan, 1,5 mingdan ortiq mahallada 1774 ta zamonaviy sport maydonchasi barpo etildi. Bu shunchaki raqam emas bu minglab yoshlar uchun yangi imkoniyat, sog‘lom turmush sari qadam, o‘z qobiliyatini namoyon qilish maydonidir.
Bundan tashqari, joylarda 200 dan ortiq yirik sport inshootlari qurildi, 4 mingga yaqin xususiy sport klublari faoliyat boshladi. Bu esa sport sohasida davlat bilan bir qatorda xususiy sektor ham faol ishtirok etayotganini ko‘rsatadi.
Eng muhimi, bu o‘zgarishlar natijasiz qolmadi. Yurtimizda professional sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar soni ikki barobarga oshdi. Olimpiya va paralimpiya jamoalari tarkibi kengaydi. Bu esa mamlakatning kelajakdagi sport salohiyati mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston sportchilari xalqaro arenalarda ham munosib natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida yurtimiz vakillari 400 dan ortiq oltin, yuzlab kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Ularning ko‘pchiligi jahon va Osiyo rekordlarini yangiladi.
Ushbu yutuqlar oddiy statistika emas. Ular – har bir yurtdosh qalbida faxr tuyg‘usini uyg‘otadigan, bayrog‘imizni xalqaro maydonlarda baland ko‘targan g‘alabalardir.
Shu bilan birga, barcha hududlarda vaziyat bir xil emas. Ayrim tuman va viloyatlarda sportni rivojlantirish bo‘yicha ibratli ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa, boshqa joylarda bu masalaga yetarlicha e’tibor berilmayotgani tanqid qilinmoqda.
Jizzax viloyatining Zarbdor tumani bu borada o‘ziga xos namuna bo‘la oldi. Bu yerda o‘tgan yilning o‘zida 34 ming yosh ommaviy sportga jalb etildi. Yangi sport zallari qurildi, zamonaviy maydonlar barpo etildi, xususiy tadbirkorlar bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshirildi.
Natijada bu tuman ilk bor respublika chempionatlariga mezbonlik qilish darajasiga chiqdi. Bu esa to‘g‘ri yondashuv va mas’uliyat natijasi ekanini ko‘rsatadi.
Biroq ayrim hududlarda bugun ham sportga nisbatan befarqlik holatlari uchramoqda. Bu esa umumiy natijaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Sohadagi asosiy muammolardan biri formallik. Ayrim maktablarda sport to‘garaklari “nomiga” tashkil etilgan. Bolalar qatnashmaydi, mashg‘ulotlar samara bermaydi.
Yana bir muammo iqtidorli yoshlarni aniqlash tizimi yetarlicha ishlamayotgani. Ko‘p hollarda sport maktablari o‘zlari yoshlarni izlab topish o‘rniga, tayyor sportchilarni kutib o‘tirmoqda. Shuningdek, ayrim universitetlarda talabalarning katta qismi jismoniy normativlarni bajara olmayotgani bu sohada tizimli muammolar borligini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda sportga yondashuv mutlaqo o‘zgarmoqda. Endi asosiy e’tibor faqat professional sportga emas, balki ommaviy sportga qaratilmoqda. “Mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri joriy etilishi orqali aholini, ayniqsa yoshlarni sportga keng jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Yana bir muhim yangilik sport natijadorligini endi faqat ishtirokchilar soni bilan emas, balki aholi salomatligi orqali baholash rejalashtirilmoqda. Ya’ni qaysi hududda odamlar ko‘proq sog‘lom bo‘lsa, o‘sha yerda sport tizimi samarali deb baholanadi. Bu esa mutlaqo yangi va zamonaviy yondashuvdir.
Qolaversa, bugun sport nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy resurs sifatida ham qaralmoqda. To‘g‘ri tashkil etilgan sport tadbirlari katta daromad manbaiga aylanishi mumkin.
Masalan, futbol o‘yinlarini qulay vaqtda tashkil qilish, stadion atrofida qo‘shimcha xizmatlar yaratish, muxlislar uchun sharoitlarni yaxshilash orqali klublar daromadini bir necha barobar oshirish mumkin. Bu esa sportni iqtisodiyotning faol tarmoqlaridan biriga aylantirish imkonini beradi.
Umuman olganda, O‘zbekistonda sport endi faqat g‘alabalar maydoni emas, u jamiyatning sog‘lom fikri, sog‘lom tanasi va sog‘lom kelajagini shakllantirayotgan hayotiy kuchga aylanmoqda. Eng muhimi, bu jarayon endi faqat sportchilar yoki mutaxassislar doirasida emas, balki har bir mahalla, har bir oila va har bir inson hayotiga kirib bormoqda.
Albatta, oldimizda yechimini kutayotgan muammolar ham kam emas. Lekin eng muhimi sohada aniq maqsad, siyosiy iroda va tizimli yondashuv shakllandi. Demak, natija ham shunga yarasha bo‘ladi.
Endilikda asosiy masala boshlangan islohotlarni chuqurlashtirish va ularni har bir hudud, har bir ta’lim muassasasi va har bir inson hayotiga singdirishdir. Chunki sog‘lom jamiyat bu shunchaki shior emas, balki har kunlik harakat va ongli tanlov natijasidir.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA