“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ xodimlari o‘rtasida mini futbol musobaqasi o‘tkazilmoqda
Bugun poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ xodimlari o‘rtasida mini futbol bo‘yicha “Boshqaruv raisi kubogi” musobaqasining respublika bosqichiga start berildi.
Tadbirning ochilish marosimida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Dilshod Nosirov, taniqli futbol ustasi Mirjalol Qosimov hamda boshqa mehmonlar ishtirok etib, mazkur sport tadbiri xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish va jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
Musobaqada jamiyatning turli hududiy korxona va filiallarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan shakllangan 18 ta jamoa ishtirok etmoqda. Saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jamoalar respublika bosqichida o‘zaro kuch sinashib, bosh sovrin uchun qizg‘in bahs olib bormoqda.
[gallery-29072]
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ jamoasi a’zosi Javohir Bahriddinovning ta’kidlashicha, bunday sport musobaqalari xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bilan birga, jamoaviylik ruhini mustahkamlash, o‘zaro hamjihatlikni kuchaytirish va ish jarayonlaridagi samaradorlikni oshirishda ham muhim ahamiyatga ega.
–Bugungi turnir biz uchun oddiy sport musobaqasi emas, balki butun tizim xodimlarini bir maqsad atrofida birlashtiradigan muhim maydondir. Maydonda har bir jamoa g‘alaba uchun kurashayotgan bo‘lsa-da, eng asosiysi o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamkorlik muhitini yanada mustahkamlash. Bunday musobaqalar xodimlarning jismoniy faolligini oshirish barobarida, jamoada korporativ ruhni yuksaltiradi va ish joyidagi munosabatlarni yanada yaqinlashtiradi. Bu esa, o‘z navbatida, mehnat samaradorligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, – dedi u.
Qayd etish joizki, sport nafaqat salomatlik garovi, balki jamoada intizom, ishonch va hamjihatlikni mustahkamlovchi muhim omil hamdir. Shu ma’noda, mazkur musobaqa tizim xodimlari o‘rtasida korporativ madaniyatni yuksaltirish, do‘stona munosabatlarni mustahkamlash hamda bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA