Mahalla faoliyati o‘rganildi
Mirobod tumanidagi Temiryo‘lchilar mahallasida bugungi kunda 3 ming 200 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 1 ming 100 nafari yoshlar, 1 ming 445 nafarini esa ayollar tashkil etadi. Joriy yil holatiga ko‘ra, 97 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Vasila Fayziyeva va O‘zMTDP vakillari birgalikda mazkur mahallada o‘rganish ishlarini olib bordi. O‘rganish davomida mahalla infratuzilmasini yaxshilash, xususan, yangi bino qurilishi zaruratiga alohida e’tibor qaratildi. Hozirda mahalla o‘zining alohida binosiga ega bo‘lmagani bois Toshkent transport texnikumi binosida ajratilgan xonalarda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mahalla raisining aytishicha, mahallaning yangi binosi uchun yer maydoni ajratilgan. Ammo uning uzoqligi ham fuqarolarga, ham ishlovchilarga noqulaylik tug‘diradi. Deputat mazkur masalani tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilishini bildirdi.
Shuningdek, deputat Toshkent transport texnikumi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Hudud xavfsizligini ta’minlash va yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Tuman IIO FMB boshlig‘i Ulug‘bek Nasriddinov tomonidan Toshkent transport texnikumiga maxsus inspektor-psixolog biriktirish, ushbu amaliyotni boshqa ta’lim muassasalari, jumladan, xususiy ta’lim dargohlarida ham joriy etish, shuningdek, ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda shartnoma asosida qo‘riqlash xizmatlarini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi.
Inspektor-psixolog biriktirilishi ta’lim muassasasida xavfsiz va sog‘lom psixologik muhit yaratish hamda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim omil ekani qayd etildi.
Tashrif doirasida texnikum yoshlari bilan ochiq muloqot qilinib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi.
M.Komilova,
O‘zA