"Birodar shaharlar – 2026" xalqaro tadbiri oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi
Millatlararo munosabatlar qo‘mitasida Birodar shaharlar alyansi tashabbusiga ko‘ra tashkilotning bir yillik faoliyati hamda 5-may kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Birodar shaharlar – 2026” birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjuman ikki asosiy maqsadga qaratildi. Birinchidan, jamoatchilik Birodar shaharlar alyansining bir yillik faoliyati, erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar bilan tanishtirildi. Ikkinchidan, 5-may kuni bo‘lib o‘tadigan “Birodar shaharlar – 2026” birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani mazmun-mohiyati, dasturi va ishtirokchilari haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan yil davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
[gallery-29186]
—Bugungi kunda O‘zbekiston dunyoning 80 dan ortiq shahar va hududlari bilan birodar shahar maqomida hamkorlik qilib kelmoqda, — deydi Birodar shaharlar alyansi raisi Zokir Abidov. — Ushbu aloqalar madaniyat, ta’lim, iqtisodiyot, ekologiya, turizm va xalq diplomatiyasini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Mazkur hamkorlikni yanada tizimli va samarali rivojlantirish maqsadida 2025-yil 7-may kuni O‘zbekistonda Birodar shaharlar alyansi tashkil etildi. Alyans O‘zbekiston va xorijiy davlatlar shahar va hududlari o‘rtasida do‘stona aloqalarni xalq diplomatiyasi asosida mustahkamlash, shuningdek, madaniyat, ta’lim, iqtisodiyot, turizm, ekologiya va innovatsiyalar sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Shuningdek, “Birodar shaharlar – 2026” birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ochiqlik siyosati, hududlararo diplomatiya va xalq diplomatiyasini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarining yana bir muhim amaliy ifodasi bo‘lishi ta’kidlandi.
N.Rahmonova,
M.Ikromova,
O.Pardayev (surat),
O‘zA