KOICA O‘zbekistonda AT ta’limi uchun 14 million dollar grant ajratdi
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan umumiy qiymati 14 million AQSH dollariga teng “O‘zbekistonda AT ta’lim ekotizimini takomillashtirish orqali yoshlarning bandlik va tadbirkorlik salohiyatini oshirish” loyihasi amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida yoshlar sun’iy intellekt, prompt muhandisligi, dasturlash, onlayn marketing kabi zamonaviy AT yo‘nalishlarida 4 yil davomida tizimli o‘qitiladi. 500 nafar AT mutaxassislari va o‘qituvchilarning malakasi oshiriladi. Koreyalik yetakchi ekspertlar ishtirokida startap inkubatsiya dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, loyiha doirasida 2026–2032-yillar davomida Nukus va Qarshi shaharlarida 2 ta zamonaviy AT-xab tashkil etiladi va 7 ta tumanda 14 ta AT markaz qurilib, jihozlanadi.

Mazkur loyiha ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlar bandligini oshirish, innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatning raqamli kelajagini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Nigora Rahmonova,
O‘zA