Tibbiy ta’limda nazariya va amaliyot uyg‘unligi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 12–13-may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, zamonaviy usullarni joriy etish, shuningdek, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash va ta’lim jarayoniga xalqaro standartlarni tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.Mazkur vazifalar ijrosi doirasida 2023-yil 1-sentabrda Farg‘ona shahridagi 2-son shahar shifoxonasi negizida Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining ko‘p tarmoqli klinikasi tashkil etildi.
2025-yil davomida institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 50 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanib, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti klinikasi – Smart AI shifoxonaga transformatsiya qilindi hamda zamonaviy raqamli tibbiyotning kompleks modeli sifatida faoliyatini boshladi.
Klinikaning “Umumiy terapiya”, “Umumiy xirurgiya”, “Anesteziologiya va reanimatsiya”, “Qabul-diagnostika”, “Fizioterapiya” bo‘limlari mavjud bo‘lib, barcha qulayliklar yaratilgan. Bemorlarning murojaatidan davolanishgacha bosqichlar to‘liq raqamlashtirilgan yagona ekotizim asosida tashkil etilgan. Respublikada sun’iy intellekt texnologiyalari bilan jihozlangan birinchi kompleks smart klinikalardan biridir.
Mazkur tizim 5 ta mustaqil AI shifokor modullaridan iborat va har biri turli algoritmik yondashuvlar (machine learning, deep learning, klinik qaror qabul qilish algoritmlari) asosida tahlil olib boradi. Yakuniy tashxis ushbu AI xulosalarining konsensus modeli orqali shakllantiradi. Bu yondashuv dalillarga asoslangan tibbiyot (evidence-based medicine) tamoyillarini amaliyotga chuqur integratsiya qilishga xizmat qiladi.
Smart shifoxona bazasida Italiya bilan xalqaro hamkorlik doirasida oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi talabalarini tayyorlash bo‘yicha innovatsion o‘quv-amaliy markaz tashkil etilgan. Mazkur markazda hamshiralik faoliyatining zamonaviy kompetensiyalari – klinik qaror qabul qilish, bemor parvarishi algoritmlari, simulyatsion treninglar va raqamli monitoring tizimlari bilan ishlash ko‘nikmalari shakllantiriladi.
Ta’lim jarayoni Yevropa standartlari (EU nursing competence framework) asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda dual ta’lim modeli qo‘llaniladi: talabalar nazariy bilimlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri klinik muhitda amaliyot bilan integratsiyalashgan holda o‘zlashtiradi. Bu esa yuqori malakali, raqamli tibbiyot sharoitida ishlay oladigan yangi avlod hamshiralarini tayyorlashga xizmat qiladi.
Reanimatsiya va operatsiya bloklari zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Xususan, defibrillyatorlar, kardiomonitorlar, infuzion nasoslar, sun’iy nafas oldirish apparatlari, laparoskopik operatsiyalar uchun endoskopik to‘plamlar, sterilizatsiya va dezinfeksiya uskunalari, UZI va rentgen apparatlari hamda turli yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy xirurgik asboblar o‘rnatilgan.
Shuningdek, ortopediya, urologiya va ginekologiya sohalari uchun ko‘p funksiyali yuqori texnologiyali jarrohlik platformalari joriy etilgan.
Bundan tashqari, tibbiyot xodimlari ishini yengillashtirish maqsadida aqlli xizmat robotlari yo‘lga qo‘yilgan. Ular dori vositalari va tibbiy buyumlarni kontaktsiz yetkazib berish, shuningdek, binolarda avtomatik sterilizatsiya jarayonlarini amalga oshirish orqali gigiyena va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Klinika shifokorlarining 20 nafari Koreya, Turkiya, Hindiston va Rossiya davlatlarining yetakchi tibbiyot markazlarida malaka oshirish va stajirovka dasturlarida ishtirok etib, xalqaro tajriba asosida o‘z kasbiy kompetensiyalarini sezilarli darajada rivojlantirgan.
Shuningdek, klinika hududida tashkil etilgan eko-bog‘da 30 turdagi manzarali daraxtlardan iborat 2000 dan ortiq yashil plantatsiyalar mavjud. Mazkur eko-muhit terapevtik landshaft konsepsiyasiga asoslanib, bemorlarning psixoemotsional holatini yaxshilash, stress darajasini kamaytirish va reabilitatsiya jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.
[gallery-28416]
Qolaversa, klinika 5 ming nusxadan ortiq ilmiy-adabiy fondga ega kutubxonasi bilan ham ajralib turadi. Unda tibbiyot, klinik fanlar, sun’iy intellekt, biotibbiyot texnologiyalari va sog‘liqni saqlash boshqaruvi yo‘nalishlariga oid keng qamrovli adabiyotlar jamlangan.
Bugun mazkur klinikaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Sherzod Polvonov sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib, ular inson qadrini ulug‘lash, tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va sifatini oshirishga qaratilganini ta’kidladi.
Muhammadjon Obidov,
Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA