Ijtimoiy xizmatlar sifati yangi bosqichda
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorovning Toshkent viloyatidagi muloqotlari davomida hududdagi ijtimoiy himoya tizimini yanada rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha o‘rganildi. Unga Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Sultonbekov hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mursultonov hamrohlik qildi.
Muloqotlar O‘rta Chirchiq tumanidagi 124-sonli maktab-internatdan boshlandi. Bu yerda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan 159 nafar bola ta’lim-tarbiya olmoqda. Ular uchun zamonaviy ta’lim muhitini yaratish, inklyuziv resurs markazini tashkil etish hamda kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Shuningdek, viloyatda barpo etilayotgan qator ijtimoiy ob’ektlar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi binosi, ayollarni reabilitatsiya qilish markazi, “Imkon” reabilitatsiya markazi kabi qator muassasalarning qurilish jarayonlari va loyihalari bilan tanishildi.

Muloqotlar davomida Nurafshon shahrida kunduzgi parvarish, reabilitatsiya va erta aralashuv xizmatlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi. Navbatdagi manzil Ohangaron shahridagi Adolat mahallasida yashovchi Umid Sheraliyev xonadoni bo‘ldi.

Bu fuqaro davlat ta’minotidagi 1-guruh nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib, “Ijtimoiy reyestr”da ro‘yxatda turadi. U o‘zgalar parvarishiga muhtoj va mehnatga layoqatsiz shaxs sifatida “Uyda qarab turish xizmati” bilan qamrab olingan. Uning xonadonida yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq xonadonga energiya tejamkor isitish moslamasi o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Muloqot davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash hamda ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Ohangaron shahrida “Muruvvat” internat uyi faoliyati o‘rganilib, mavjud sharoitlarni yaxshilash, rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish hamda xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida esa “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatish samaradorligi tahlil qilindi. Shu bilan birga, 7-sonli maktab-internatda o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha tikuvchilik loyihasi, nogironligi bo‘lgan shaxslarni manzilli qo‘llab-quvvatlash ishlari ham ko‘zdan kechirildi.
Muloqotlar doirasida ijtimoiy xodimlar va supervayzerlar bilan ochiq uchrashuv o‘tkazilib, tizim samaradorligini oshirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusidagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi. Faol xodimlarga agentlikning esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Musayev, O‘zA