Eski shifoxona o‘rnida zamonaviy tibbiyot maskani qad rostladi
Guliston tumanida sobiq sil kasalliklari shifoxonasi binosi o‘rnida zamonaviy tibbiyot maskani barpo etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi “Sirdaryo viloyatining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari natijasida eski bino to‘liq qayta ta’mirlanib, zamonaviy 12-sonli oilaviy poliklinika sifatida foydalanishga topshirildi.
Mazkur loyihaning umumiy qiymati 2 milliard so‘mni tashkil etdi. Qurilish-ta’mirlash ishlari “Umarxo‘ja Yangiyer” MCHJ tomonidan bajarilib, jarayonda 40 nafar ishchi-xodim hamda 5 ta maxsus texnika ishtirok etdi.
Furqat mahallasi hududida joylashgan yangi tibbiyot muassasasi endilikda Oltin vodiy, Furqat va Sharq haqiqati mahallalarida istiqomat qiluvchi 9 ming nafardan ortiq aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
Ochilish marosimida Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev, mahalla faollari hamda nuroniylar ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu tibbiyot maskani aholi uchun uzoq yillar kutilgan muhim ijtimoiy ob’ekt ekanini ta’kidladilar.
Ma’lum qilinishicha, avval muassasa eski, tor va bir qavatli binoda faoliyat yuritib kelgan bo‘lib, tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari cheklangan edi. Yangi rekonstruksiya natijasida esa zamonaviy infratuzilma, keng va yorug‘ xonalar, zamon talablariga mos xizmat ko‘rsatish tizimi yaratildi.
[gallery-29113]
– Ushbu bino rekonstruksiya qilinib, bizning ixtiyorimizga berilguniga qadar eski, bir qavatli oilaviy poliklinikada faoliyat olib borganmiz. Eng achinarlisi, u yerda xonalar yetishmasligi sabab bir xonada ikki nafar shifokor, yana bir xonada esa to‘rt nafar patronaj hamshira ish olib borgan. EKG va fizioterapiya kabinetlari bitta xonada joylashgan, laboratoriya haqida esa gapirmasa ham bo‘lardi. Prezidentimizga rahmat, u kishining tibbiyot sohasiga qaratgan e’tiborlari tufayli biz ikki qavatli, barcha shart-sharoitga ega binoga ko‘chdik. Qulaylikni aytmaysizmi — xonalar keng, yorug‘ va shinam. Har bir shifokor, har bir hamshira uchun alohida xona, laboratoriya, ayollar va erkaklar uchun alohida bo‘limlar, onalar va bolalar xonalari mavjud. Albatta, bundan quvonmay bo‘ladimi, – deydi 12-sonli oilaviy poliklinika mudiri Ikrom Kenjayev.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri