Harbiy sohadagi ilmiy izlanishlar va innovatsion yechimlar muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Tadbirda 20 dan ortiq turli vazirlik va idoralar hamda Oliy harbiy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Konferensiya davomida qo‘shinlarni zamon talablariga mos qurol-aslaha, harbiy texnika va maxsus vositalar bilan ta’minlash, jangovar tayyorgarlikka zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, yetakchi davlatlar tajribasini o‘rganish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, favqulodda holatlarda qo‘shinlardan samarali foydalanish, boshqaruv tizimlarini takomillashtirish va sohadagi ilmiy ishlanmalarning amaliy ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.

Ma’ruzachilar zamonaviy harbiy tendensiyalarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda qo‘shinlarni boshqarishning yangi modellarini taklif etdi.
— Bugungi konferensiyada harbiy ta’lim, qo‘shinlarni boshqarish, innovatsion texnologiyalar va milliy mudofaa sanoati imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish bilan birga milliy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Zero, zamonaviy armiyani faqat qurol-yarog‘ emas, balki ilm-fan, tahlil va innovatsion yondashuvlar ham kuchli qiladi, — dedi Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi boshlig‘i o‘rinbosari, harbiy fanlar doktori Shavkat Abdullayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, konferensiya davomida bildirilgan ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalar qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini yanada oshirish, favqulodda vaziyatlarda samarali harakat qilish hamda harbiy kadrlar tayyorlash sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Konferensiyaning amaliy qismida harbiy ilm-fan orqali Mudofaa sanoati agentligi huzuridagi “Innovatsion texnologiyalar markazi” tomonidan ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etilib, kelgusida bunday ishlanmalar va innovatsion g‘oyalarni keng targ‘ib qilish yuzasidan amaliy tajribalar almashildi.
Anjuman yakunida soha yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari natijalarini kelgusida amaliyotga tatbiq etish yuzasidan asosli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, sohaga oid masalalar yuzasidan strategik hamkorlikni kuchaytirish maqsadida qator vazifalar belgilab olindi.
Mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining jangovar tayyorgarligini yanada takomillashtirish va milliy mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Nigora Rahmonova,
O‘zA